1881-yil 3-dekabr Rossiya tarixida imperator Aleksandr II o‘ldirilgan kun bo‘lib muhrlandi. Imperatorning joniga qasd qilinishi Sankt-Peterburgdagi “Narodnaya Volya” tashkiloti nomi bilan bevosita aloqador. Terrorchilar qirolning o‘ldirilishi inqilobni keltirib chiqaradi va bu bir qator ijtimoiy o‘zgarishlarga olib keladi, deb umid qildi. “Daryo” ushbu qotillikka aloqador shaxslardan biri, birinchi rus ayol terrorchisi Sofiya Perovskaya va voqea tafsilotlari haqida hikoya qiladi.
Har qanday jamiyatda muammolar tinch yo‘l bilan barham topmasa, oraga zo‘ravonlik usullari aralashishi tarixan ma’lum. Bu fikrning isboti sifatida Rossiya tarixidan misol keltiradigan bo‘lsak, ilk rus terrorchisi Sofiya Perovskaya ham terrorizmni hukumatga ta’sir o‘tkazishning eng samarali usuli deb bilgan edi.
Sofiya Perovskaya o‘zi kim edi?
Sofiya 1853-yil 13-sentabrida Peterburgda tug‘ilgan. Uning otasi Lev Perovskiy yuqori lavozimli amaldor, Ukrainaning so‘nggi getmani Kiril Razumovskiyning nabirasi, onasi Varvara Stepanovna esa oddiy Pskov zodagonlari oilasining farzandi edi. Keyinchalik, kelib chiqish borasidagi farq ota-onalar o‘rtasida bo‘shliqqa olib keldi.Sofiya yoshligidayoq uning oilasi Peterburgga ko‘chib o‘tdi va u yerda qizaloqning otasi poytaxt vitse-gubernatori lavozimini egalladi. Aleksandr II hayotiga qasd qilingan va muvaffaqiyatsizlik bilan yakun topgan birinchi urinish paytida Sofiya atigi 12 yoshda edi va u hali ushbu xatti-harakatlarning siyosiy ahamiyatini anglay olmasdi. Ammo bu voqea oila hayotiga jiddiy zarba berdi – Sofiyaning otasi iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi va oila asta-sekin bankrot bo‘la boshladi. Bo‘lib o‘tgan voqealar natijasida Varvara Stepanovna erini tashlab, bolalarni Qrimga olib ketdi.
1869-yilda Sofiya Sankt-Peterburgga qaytib keldi va shu yilning kuzida ayollar uchun maxsus oliy kursga o‘qishga kirdi. U kimyo, fizika va matematikaga qiziqar, bu fanlarda o‘zining ajoyib qobiliyatini namoyon etgandi.
Perovskayaning siyosiy jarayonlarga kirib kelishi
O‘sha paytdan boshlab Perovskayaning hayoti butunlay o‘zgardi. Sofiyaning yon-atrofidagi qiz do‘stlari o‘sha vaqt uchun ilgari surilgan qarashlari bilan ajralib turardi. Ular taqiqlangan adabiyotlarni o‘qir, sochlarini kalta qilib oldirar, chekar va hatto erkaklar kiyimlarini kiyib yurardi. 17 yoshida Sofiya oilasi bilan aloqalarni butunlay uzib, uyni tark etdi.Shu bilan birga, u chaykovskiylar doirasiga qo‘shildi va darhol ularning ishida faol ishtirok eta boshladi, ertalabdan kechgacha ishchilar orasida yashirin targ‘ibot ishlarini olib bordi. Shunday qilib, “Chaykovskiy” dasturiga ko‘ra u avvalgi inqilobda asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilingan dehqonlarni ommaviy harakatiga jalb qildi. 1872-yil bahorida Sofiya Samara viloyatiga birinchi marta ularning qanday yashashlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun bordi.
O‘sha paytda Sofiya Ukraina shahridagi kichik uyda yashagan edi. Hamma uni ishchining xotini deb hisobladi va hech kim uni dvoryan ayol va sobiq vitse-gubernatorning qizi deb taxmin qilmadi. Sofiya doim tintuv va hibsga olishlarini kutib, shubhada yashashga odatlangan edi. O‘sha davrlarda to‘satdan Sankt-Peterburgda populist targ‘ibotchilarni ommaviy hibsga olishlar boshlanib ketdi va Sofiya ham panjara ortidan joy oldi. Faqat otasining eski aloqalari tufayli oradan bir necha oy o‘tib u garov evaziga ozod qilingan.
Shundan so‘ng Perovskaya do‘stlari V. Figner va V. Zasulich bilan birga “Zemlya i volya” jamiyatiga qo‘shildi. Bu davrda Sofiya kabi yoshlar orasida dissidentlarga qarshi repressiyalar uchun hukumatdan qasos olishga intilishlar kuchaydi. Perovskayaning nazarida jamiyat inqilobchilarning ovoziga quloq solar, ular bilan birdamlikda edi. Biroq yuqoridagi kabi yana bir qator hibsga olishlardan so‘ng u Rossiyada hech qachon inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lmasligini tushunib yetdi va o‘zlari ilgari amalga oshirgan eski targ‘ibot usullari samarali emas, degan xulosaga keldi.
Sofiya va “Narodnaya volya”
Ko‘plab inqilobiy fikrlovchi do‘stlar orasida bo‘lish, “Narodnaya Volya”ning asoschilari va rahbarlaridan biri A. Jelyabov bilan uchrashuv Sofiyada siyosiy muammolarning uning tabiatiga mos bo‘lmagan yechimini shakllantirdi. Jelyabov uni harbiylar, talabalar va ishchilar tashkilotlariga rahbar etib tayinladi. Krepostnoylar oilasi vakili bo‘lgan, kelishgan va jasur bu yigit Sofiyani o‘zining notiqligi, ishonchli va ehtirosli so‘zlari bilan zabt etdi. Aynan u Perovskayani terrorchi guruh faoliyatining istiqboliga ishontirishga muvaffaq bo‘ldi va Aleksandr II ning hayotiga suiqasd qilishga tayyorladi.Jelyabovga ergashgan Sofiya imperatorni o‘ldirishni jamiyatni qo‘zg‘atadigan va inqilobiy burilish onlarini yaqinlashtiradigan yagona vositasi deb bildi. Perovskaya boshqa ayol terrorchilardan o‘ziga ishonchi, kuchi va xotirjam xatti-harakatlari bilan ajralib turardi. Do‘stlarning fikriga ko‘ra, “u ish bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsada o‘ta darajada talabchan edi, burch tuyg‘usi uning xarakteriga xos eng ajoyib xususiyat edi”.
Perovskaya tayyorgarlik harakatlarining birinchi urinishi boshidanoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Imperatorlik temiryo‘lida mina yotqizish juda qiyin va xatarli vazifa edi. Sofiya hech qachon qo‘liga qurol olmagan, ammo bu holatda u ichida nitroglitserin bo‘lgan shisha idishni otib, uyni portlatishi kerak edi.
1879-yil 1-dekabrda Moskva yaqinidagi temiryo‘lda portlash sodir bo‘ldi. Begunoh odamlar vafot etdi. Ammo terrorchilar bundan zarracha hayajonga tushmadi, ular maqsadlari yo‘lida qancha kerak bo‘lsa shuncha qurbon berishga tayyor edi. Perovskayaga chet elga chiqib ketishni taklif qilishdi, ammo u Rossiyada va sevimli insoni yonida qolishni tanladi.
Qishki hovlida sodir bo‘lgan portlash paytida imperatorni faqat mo‘jiza qutqarib qoldi. Terroristlarni qidirish vazifasi yuklatilgan maxfiy politsiya oyoqqa turdi.
Navbatdagi hujumlar
1881-yil boshida Jelyabov Perovskayaga muhim vazifalar yuklovchi yangi terroristik hujum rejasini ishlab chiqa boshladi. Sofiya imperatorning poytaxt bo‘ylab doimiy marshrutini kuzatish, o‘rganib chiqishda shaxsan ishtirok etdi va suiqasd qilish uchun eng qulay joylarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Inqilobchilar Kobzevlar dehqon oilasi nomi bilan Sadovaya ko‘chasidagi pishloq do‘konlaridan birini ijaraga oldi va u yerni minalar joylashtirishga moslab qaziy boshladi.Suiqasd amalga oshirilishidan bir necha kun oldin Jelyabov hibsga olindi. Buning natijasida terroristik hujumni tashkil qilishning butun og‘irligi uning rafiqasi va yordamchisining yelkasiga tushdi. Sofiya har qanday sharoitda olg‘a harakat qilishga qaror qildi.
1881-yil 1-martda Aleksandr II Sankt-Peterburg politsiyasi boshlig‘i Dvorjitskiy va kazaklar hamrohligida Mixaylovskiy manejidan qishki saroyiga tomon qaytayotgan edi. Imperator negadir Sadovaya bo‘ylab harakatlanish taklifini rad etdi va Yekaterinskaya kanali qirg‘og‘iga burildi. Ammo bu intuitsiya ham uni qutqara olmadi.
Perovskaya tezda yangi yo‘nalishga bombalar joylashtirdi. Uning o‘zi esa voqea joyini tark etmadi. Sofiyaning ko‘rsatmasi bilan imperatorning aravasiga birinchi bomba tashlandi. Aleksandr II jarohatlanmay qoldi. Biroq ikkinchi urinish imperatorning hayotiga yakun yasadi. Terrorchi o‘zi va imperator o‘rtasida bomba portlatdi. Jiddiy jarohat olgan Aleksandr II o‘z qotili bilan birga halok bo‘ldi.
Sofiya hibsga olinishidan to‘qqiz kun oldin Jelebovni qamoqdan ozod qilishga urinishlarni amalga oshirdi. Hibsdagi so‘roqlar paytida Perovskaya Moskva yaqinidagi, Odessadagi va so‘nggi shov-shuvli suiqasddagi ishtirokini tan oldi. Sud jarayonida Sofiya o‘zini xotirjam va ishonchli tutdi, u o‘zining inqilobiy xatti-harakatlarining odilona ekaniga so‘zsiz ishonar edi. Mashhur rus terrorchi ayoli o‘zi uchun o‘qilgan o‘lim hukmini hech qanday his-tuyg‘ularsiz tingladi. U bunga uzoq vaqtlardan beri tayyor edi.
Qatl
1881-yil 3-aprelda Aleksandr II ga suiqasd qilishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘ldirishda ishtirok etganlar Semenovskiy parad maydonida qatl qilindi. Sofiya Perovskaya noodatiy masalada bo‘lsa-da, erkaklar bilan tenglikka erishdi.Omma ko‘z o‘ngida namoyish etilgan qatl Rossiyadagi inqilobiy, mafkuraviy, siyosiy va diniy terrorni to‘xtata olmadi. Terror jamiyatni o‘zgartirish va uni ijtimoiy kasalliklardan xalos qilish uchun o‘lik vosita ekani ayon bo‘lsa-da, butun dunyoda bo‘lgani kabi u Rossiyada ham o‘z mavjudligini davom ettirdi.
Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.
Izoh (0)