Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Tug‘ruq vaqtida kuchli bel og‘rig‘i har uchta ayolning birida kuzatiladi. Sababi bularning barchasi bolaning boshi tug‘ruq kanali bo‘ylab harakatlanayotganda tos suyagi va asab tolalarining cho‘zilishi bilan bog‘liq. Orqa qismdagi asab tolalar teriga yaqin bo‘lib, u og‘riqni keltirib chiqaradi.

Foto: “wday.ru”

Foto: “wday.ru”

Ba’zi ayollar og‘riq shu qadar kuchliligidan, og‘riq qoldiruvchi dori vositasi  − epidural anesteziyani qo‘llaydi. Buning uchun umurtqa pog‘onasiga ingichka naycha kiritiladi va asta-sekin u orqali hushsizlantiruvchi yuboriladi. Ammo ushbu jarayon anesteziologlar tomonidan amalga oshirilishi kerak, sababi asab buzilishi xavfi mavjud. Shuningdek, bir muncha vaqt peshob pufagining nazorati yo‘qolishi mumkin va bosim keskin pasayishi kuzatiladi. Epidural anesteziya oqibatida ayol tug‘ruqdan keyingina o‘ziga kelishi mumkin. Britaniyalik shifokorlarning fikriga ko‘ra, har 50 ming onadan bir ayol bir yoki ikki oyog‘ida sezgirlikni yo‘qotishi ham mumkin.

Biroq shifokorlar tug‘ruq vaqtida og‘riqni yengillashtiradigan mutlaqo zararsiz vositani topdi. Ushbu usul uzoq vaqt davomida Shvetsiya, Kanada va Avstraliyada qo‘llanilgan. Yaqindan boshlab esa Angliyaning ba’zi tug‘ruqxonalarida qo‘llana boshlandi.

Unga ko‘ra, tug‘ruq vaqtida ayoldagi og‘riqni ukol yordamida suv bilan yengillashtirish tavsiya etildi. Oksford va Avstraliyaning Kvinslend universiteti tomonidan o‘tkazilgan katta tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, suv bilan ukol qilish bel og‘rig‘ini sezilarli darajada kamaytiradi. Eng muhimi, ona va bolaga zarar yetkazmaydi.

Bir choy qoshiq suv umurtqa pog‘onasining pastki to‘rt nuqtasiga ukol orqali yuboriladi. Suv ukol qilingan joylarda yengil achishish hissini keltirib chiqaradi va bel og‘rig‘iga sabab bo‘luvchi asab tolalarini bezovta qiladi. Bu esa ularni bel og‘rig‘idan chalg‘itadi va miyaga yengil sanchish signalini yuboradi.

Achishish hissi atigi yarim daqiqa davom etsa-da, og‘riq signallari uch soatgacha bezovta qilmaydi. Albatta, suvning hammasi ham yaroqli bo‘lavermaydi. Besh yillik tadqiqotlar natijasida olimlar bir guruh ayollarga sterillangan suv, boshqa guruhga esa fiziologik eritma yuborilgan va ular o‘zaro taqqoslangan.

Ma’lum bo‘lishicha, sterillangan suv uzoqroq turadi. Fiziologik eritma tarkibida tana hujayralaridagi suyuqlik kabi nisbat mavjud. Shuning uchun eritma teriga kirganda, tezroq so‘riladi va ta’siri bir necha daqiqaga yetadi xolos.

Sterillangan suv teri ostida ko‘proq turadi. Shuning uchun og‘riq qoldiruvchi ta’siri uzoq vaqt davom etishi mumkin. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tug‘ruqdan keyin ayollarning aksariyati 90 daqiqagacha og‘riqni 30-50 foizga kamaytirishi haqida xabar bergan.

Shuningdek, sterillangan suv arzon va oddiy akusher ham uni amalga oshirishi mumkin. “Suv ukoli tug‘ruq jarayoniga ta’sir qilmaydi, garchi jarayon bilan bog‘liq bel og‘rig‘ini yengillashtirsa ham”, − deydi tadqiqot mualliflari.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Daryo” kundaligida 9-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Qozog‘iston Rossiyaga zirhli texnika jo‘natishi haqida xabarlar tarqaldi (video)
Madaniyat
Shahzoda Garri va Megan Markl yangi hujjatli filmda Yelizavetta II ni masxaralab, qirollik oilasi a’zolarini irqchilikda aybladi (video)