Namanganlik maktab o‘quvchisi Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II dan maktub oldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati

Azizbek Mirzaxanov Namangan shahridagi 33-umumta’lim maktabida tahsil oladi. Ingliz tili va Buyuk Britaniya tarixidan tashqari, mashhurlarning dastxatini to‘plashga ham qiziqadi.

Foto: Zohidjon Mamasoliyev

“Qirolicha har kuni dunyoning turli davlatlaridan yuboriladigan o‘nlab maktublarni erinmay o‘qib chiqishi haqida o‘qigandim. Shundan keyin menda ham u kishiga xat yuborish ishtiyoqi tug‘ildi. Maktubimda O‘zbekiston, jumladan, o‘zim tug‘ilib-o‘sgan Namangan shahri haqida hikoya qildim, ingliz tiliga qiziqishimni bildirdim, fotolar yubordim. Oradan uch-to‘rt oy o‘tib Vindzor qal’asidan javob xati keldi”, — deydi Azizbek.

Javob xatida maktub uchun minnatdorlik bildirilgan va dastxat berish mavjud qoidalarga to‘g‘ri kelmasligi sababli qirolicha va uning turmush o‘rtog‘i fotosi yuborilgan.

Foto: Zohidjon Mamasoliyev

Azizbekning aytishicha, u kelgusida Buyuk Britaniyada o‘qishni niyat qilgan. Xobbisini ham tashlab qo‘ygani yo‘q: Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga ham dastxat so‘rab maktub yo‘llagan, hozirda ularning javobini kutmoqda.