O‘zbekistonning Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi xarajatlari 13,4 trln so‘mgacha oshirildi
O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari dastlabki hisob-kitoblardan uzoqroq muddat davom etayotganligi va bu qo‘shimcha xarajatlarni talab etilganligi sababli Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi xarajatlari 10 trillion so‘mdan 13,4 trillion so‘mgacha oshirildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.
Jamg‘armaning oshirilgan 3,4 trillion so‘mlik xarajatlarining 1,7 trillion so‘mi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-sentabrdagi 575-sonli qaroriga asosan davlat budjeti xarajatlarining maqbullashtirilgan mablag‘lari hisobidan, qolgan 1,7 trillion so‘mi xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari hisobidan qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobiga 11-avgust kuniga qadar jami 10 trillion so‘m kelib tushgan edi. Ulardan 9,87 trillion so‘mi xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari, 123,5 milliard so‘m esa davlat budjeti hisobidan kelib tushgani va jamg‘armadan 7,8 trillion so‘m sarflangani ma’lum qilingandi.
Mavzuga doir: Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining xarajatlari haqidagi ma’lumotlar Moliya vazirligining saytida e’lon qilib boriladi
