Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Olmaotadagi Sulpak do‘koni yonidagi daraxtlar kesilgani masalasiga e’tibor qaratdi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”, Tengrinews’ga tayanib.

Foto: Tengrinews

Bu haqda prezident matbuot kotibi Berik Uali o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilgan. Uning bildirishicha, Olmaota hokimi Baxitjan Sagintayevga holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazish va aybdorlarni javobgarlikka tortish vazifasi topshirilgan.

Daraxtlar kesilishi ijtimoiy tarmoqlarda olmaotaliklarning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Ayrim foydalanuvchilar bunda Sulpak kompaniyasini ayblagan. Ularning fikricha, daraxtlar Sulpak do‘konining old qismi yo‘ldan yaxshiroq ko‘rinib turishi uchun kesilgan.

Foto: Facebook / Berik Uali

Kompaniyaning o‘zi daraxtlar kesilgan joy Sulpak’ga qarashli emasligini bildirib, bu ayblovlarni rad etgan. Shuningdek, holat yuzasidan politsiyaga murojaat qilingani aytilgan.

Keyinchalik Olmaota hokimligi daraxtlar Sulpak pudratchilari tomonidan yo‘q qilinganini aniqlagan. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, 13 ta daraxt: 9 ta eman va 4 ta qayin daraxti kesib tashlangan.

“Olmaota Ekologik jamiyati” Facebook’dagi sahifasida shaharda noqonuniy daraxt kesish holatlari  “doimiy va ommaviy ravishda” sodir bo‘lishini ma’lum qilgan.

“Kesishda aybdorlar odatda mayda jarimalar yoki kompensatsiya sifatida kesilgan daraxt  narxiga teng bo‘lmagan daraxtlar ekish bilan qutuladi yoki umuman hech narsa ekmaydi. Mamlakat qonunchiligining nomukammalligi deyarli istalgan kishiga ekologik qonunbuzarlik sodir etish imkonini beradi”, — deb yozgan ushbu sahifa a’zolaridan biri.

O‘zbekistonda ham daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq holatlar davom etmoqda. Xususan, shu kunlarda “Turkiston” saroyi atrofidagi daraxtlarga belgi qo‘yilgani va ular kesilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Davlat ekologiya qo‘mitasi belgi qo‘yilgan daraxtlar imkon qadar kesilmasligini, o‘simlik zararkunandalari va tabiiy omillar ta’sirida zararlangan, turli kommunikatsiyalarga tahdid solayotgan daraxtlarga maxsus belgi qo‘yilganini ma’lum qilgan.

7-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi Gagarin ko‘chasida joylashgan daraxtlarning noqonuniy kesilish holati bo‘yicha joylashtirilgan post yuzasidan olib borilgan o‘rganish ishlarida bir dona chinor daraxti noqonuniy kesilgani aniqlangandi. O‘simlik dunyosiga keltirilgan zarar 42,9 million so‘mni tashkil etgan.