Gvatemalada ijtimoiy sohaga (ta’lim, sog‘liqni saqlash, inson huquqlarining buzilishiga qarshi kurash) budjet xarajatlari qisqartirilishga qarshi namoyishchilar Kongress binosiga yonuvchi modda solingan butilkalar tashlab, o‘t qo‘ydi. Bu haqda Prensa Libre nashriga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: EbeneInfo

Qayd etilishicha, binodagi yong‘inni o‘chirishga erishilgan. Bu vaqtda namoyishchilar Kongressga tosh ota boshlagan, oqibatda ayrim kishilar jarohatlanib, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan.

Tajovuzkor namoyishchilarni tarqatish uchun politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan.

Shundan so‘ng prezident Alexandro Jammattei namoyishchilarni o‘z fuqarolik pozitsiyalarini tinch yo‘l bilan himoya qilishga chaqirgan. Bu haqda u o‘zining Twitter’dagi sahifasida bildirgan. Davlat rahbari buzg‘unchilikka aloqador bo‘lganlarning barchasi amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan.

Shuningdek, Braziliyaning San-Paulo shahrida qora tanli erkak supermarket qo‘riqchilari tomonidan o‘ldirilganidan so‘ng tartibsizliklar boshlangani haqida xabar berilgan edi.