Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yashovchi ota ikki nafar farzandiga to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment o‘rniga turmush o‘rtog‘iga Spark hadya qildi. Bu haqda “Daryo”ga MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2016-yil 27-maydagi qaroriga ko‘ra, qarzdor T.T.dan undiruvchi M.T. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirilishi belgilangan.

2020-yilning mart oyiga qadar bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan T.T.dan aliment pullari to‘liq undirib kelingan. T.T. oxirgi sakkiz oyda aliment pulidan 4 million 100 ming so‘m qarzdor bo‘lib qolgach farzandlari voyaga yetgunga qadar hisoblangan 50 million so‘m aliment puli o‘rniga turmush o‘rtog‘iga Spark avtomashinasini bergan. M.T.ning arizasiga asosan mazkur ijro hujjati bo‘yicha majburiy ijro harakatlari to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nukuslik ota uch nafar farzandi uchun aliment o‘rniga uy hadya qilgani haqida xabar berilgandi.