Namangan viloyatida joylashgan To‘raqo‘rg‘on IESning 2 ta energobloki 2020-yilning 20-noyabr kuni soat 15:51 da avariyaviy to‘xtadi. Buning natijasida mazkur stansiya orqali energotizimga yetkazib berilayotgan quvvat 600 MVtga kamaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Buning oqibatida Farg‘ona vodiysi viloyatlari, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi.

Operativ tarzda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, avariyaviy to‘xtash 2-energoblokning yuqori bosimli barabanidagi o‘lchov datchiklarining impuls liniyasi muzlab qolishi va buning oqibatida suv sathining ko‘tarilishi natijasida ro‘y bergan. 1-energoblok esa chastotaning pasayishi natijasida to‘xtagan.

Ushbu quvvat yetishmovchiligini qoplash uchun Taxiatosh IESda quvvati 280 MVt bo‘lgan 1-energoblok soat 16:30 da ishga tushirildi va hozirda 30 MVt quvvatda ishlamoqda. Soat 22:00 ga qadar 200 MVt quvvatga chiqariladi.

Talimarjon IESda quvvati 450 MVt bo‘lgan 2-energoblokning gaz turbinasi soat 16:11 da ishga tushirildi va hozirda 300 MVt to‘liq quvvatda ishlamoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, hozirda To‘raqo‘rg‘on IESda muzlagan himoya datchiklarini sozlash ishlari bajarilib, 2-energoblok soat 17:50 da tizimga ulandi. Ayni paytda 150 MVt quvvat bermoqda. Bugun soat 19:00 ga qadar quvvati 250 MVtga chiqariladi. 1-energoblok bugun soat 19:30 gacha ishga tushirilib, tizimga 200 MVt quvvat beradi. Natijada bugun soat 21:00 ga qadar ushbu energobloklarda 700 MVt quvvatga yetadi.

Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilish sababli Zirabuloq kompressor stansiyasida bugun soat 15:45 da 4 ta va 15:55 da G‘allaorol kompressor stansiyasida 4 ta gaz haydash agregatlarining vaqtincha to‘xtashi ro‘y berdi. Soat 16:35 ga qadar elektr ta’minoti tiklanib, kompressor stansiyalari shtat rejimda ishlashga o‘tdi.