Bundan salkam 200 yil oldin, 1821-yilning 11-noyabrida buyuk adib, jahon adabiyotining yorqin yulduzi Fyodor Dostoyevskiy dunyoga kelgan edi. Sana munosabati bilan “Daryo” kolumnisti Rahimjon Qudratov Dostoyevskiy ijodi haqida so‘z yuritadi.

1821-yil 11-noyabrda Moskvada tavallud topgan Dostoyevskiy yoshlik chog‘laridanoq qashshoqlik va bechoralikning ayanchli oqibatlarini ko‘rib ulg‘aydi. Muhit uning fikrlashiga ta’sir etmay qo‘ymadi. Misol uchun, kambag‘al insonlar hayoti tasvirini Dostoyevskiy 24 yoshida yozgan “Faqir odamlar” asaridan tortib, umrining so‘nggi yillarida yozgan “Aka-uka Karamazovlar” asarigacha uchratishingiz mumkin. Xo‘sh, Dostoyevskiyni mashhurlik cho‘qqisiga olib chiqqan asarlarning siri nimada?

Insonlar ongida davrga xos tarzda yuz berayotgan o‘zgarishlarning murakkab tahlilimi? Yoki telba qahramonlarning telbanamo o‘ylari, harakatlarimi? Balki adibning hayot borasidagi yangidan yangi qarashlari-yu xulosalaridir? Bugun Dostoyevskiyning qadrdon qahramonlari orqali o‘rganganlarimiz, adibning hayot, o‘lim, haqiqat va muhabbat kabi doimiy mavzular borasidagi mutlaqo mantiqli, boshqa yozuvchilarnikidan keskin farq qiladigan mulohazalari borasida gaplashamiz.

Foto: Google Photos

Dostoyevskiy va inson

XIX-XX asrlar bir tomondan buyuk o‘zgarishlar davri bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan inqirozlar boshlangan davrga to‘g‘ri keldi. Rivojlanish shiddat bilan davom etgan bu vaqt mobaynida inson ich-ichidan yemirila boshlandi. Avvallari deyarli barcha faylasuflar, yozuvchilar hamda psixologlar insonga optimizm ko‘zi bilan qarab, uning kelajagiga umid bog‘lagan bo‘lsa, Dostoyevskiy eng birinchilardan bo‘lib, insonning ezgu tabiatiga, uning hoziri va kelajagiga shubha bilan qaray boshladi. Bu hech qanday pessimizm emas, shunchaki voqeaga real nazar tashlash edi. Uning “Yer ostidan maktublar” asari ko‘plab falsafiy g‘oyalarga asos bo‘ldi, inson psixikasining yangi qirralarini ochib berdi.

Asarni o‘qigan o‘quvchi “inson o‘z-o‘ziga dushman”, degan xulosaga borib qolishi tayin. Bosh qahramon shu qadar samimiyki, barcha qilmishlarini, o‘ziga nisbatan nafrati-yu muhabbatini, o‘zgalar haqida hech qayg‘urmasligini ro‘yi-rost aytadi. Qanchalar achchiq bo‘lmasin, faqat va faqat haqiqatga bo‘lgan intilish oqibatida qahramon o‘z davrining ma’lum va mashhur g‘oyalariga ham tanqid toshlarini ota boshlaydi. Barcha insonlar birgalikda baxtli yashashi mumkin, ularga yetarlicha sharoit yaratilsa bas, deyish qanchalik soddalik ekanini ta’kidlaydigan qahramon, insonning doim ham biz kutganchalik aqlli mavjudot bo‘lib qolmasligini, u mantiqsiz harakatlari bilan barchasini chippakka chiqarishi mumkinligini va bularning hammasi uning tabiatiga xos ekanini tushuntirmoqchi bo‘ladi.

Insondagi barcha ehtiyojlar qondirilsa, undan so‘ng inson tinch va farovon yashaydimi? Qahramon fikricha, hech qachon unday bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda inson boshqa bir qing‘irlik o‘ylab topib, o‘z hayotini o‘zi buzadi, shunday ekan, hamma birdek baxtli yashaydigan  jamiyat yaratish borasidagi xayollar utopiyadan boshqa narsa emas, xulosa qiladi u. Xo‘sh, inson hayotida insonning o‘zi, uning xohish-mayllari, vayronkor tabiati eng katta muammo bo‘lib turgan ekan, najot qayerda? Muhabbatda!

Dostoyevskiy va muhabbat

Muhabbat Dostoyevskiyning deyarli barcha asarlarida bosh mavzu sifatida tilga olinadi. Eng birinchi asarida qashshoqlikning barcha azob-uqubatlariga chidab, birgina muhabbatsiz qolishga chiday olmagan qahramonlarni tasvirlagan adib keyinchalik ba’zi bir fikrlarini o‘zgartirgan bo‘lsa-da, muhabbat borasidagi qarashlarini o‘zgartirmadi. Ongi kuchli, ammo dahshatli g‘oyalar bilan to‘lgan, natijada qotilga aylangan Raskolnikov ham oxir-oqibat muhabbatdan najot topadi. Uning boshqa bir qahramoni “kulgili odam” esa butun boshli insoniyatga bo‘lgan muhabbati kuchi tufayli tirik qolgan edi.

“Dostoyevskiy” serialidan lavha

“Ma’suma” qissasi esa boshqa asarlaridan farqli ravishda sevgi-muhabbat mavzusini ich-ichidan tahlil etgani bilan ajralib turadi. Asar qahramoni ezgulik tarqatishdek oliy e’tiqodni o‘ziga a’mol qilib olgan inson bo‘lib, jamiyatda urchigan iflos odatlar va qing‘irliklar uni boshqalardan ajratib qo‘yadi. Shundan so‘ng barcha orzularidan kechib, o‘zgalar qatori yashashga mahkum bo‘lgan, qumursqa kabi mazmunsiz va bir tekis hayot yo‘lini tanlagan qahramon kun kelib muhabbat bilan yuzlashadi.

Asar mana shu insonni yana bir bora chin hayotga qaytargan, uning tasavvurlari qayta poklanishiga xizmat qilgan muhabbat haqida. Ba’zida bizga kerakli narsalar nimaligini bilmaymiz va xotirjam hayot kechiraveramiz. Bizga keraklisi nima ekanini bildikmi, tamom, endi o‘sha narsa ketidan quvib, uni egallab, u sizni ming ko‘yga solishiga jim qarab turib, gohida u bilan kurashib, goh taslim bo‘lib, u hayotimizni izdan chiqarib yuborishiga guvoh bo‘lgancha turaveramiz. Bu narsa – muhabbat.

Bu muhabbat hikoyasi qizning vafoti bilan yakun topadi. Inson hayotini turli narsalarga bog‘laydi, kimdir uni yagona narsaga bog‘lasa, kimdir yagona insonga bog‘laydi. O‘sha narsa yoki kishidan ayrilganda esa butun hayotdan ayriladi. Axir endi negayam yashasin? Dostoyevskiy mana shunday holatga tushgan insonni butun boshli qissa va quyidagi jumlalar orqali boricha tasvirlaydi:

“Endi qonunlaringizni boshimga uramanmi? Endi odatlaringiz, taomilingiz, hayotingiz, davlatingiz, diningizni sariq chaqaga olmayman. Mayli, meni sizning hakamingiz so‘roq qilsin, mayli meni o‘sha sudga, ochiq sudingizga boshlab boring, hech nimani tan olmasligimni o‘sha yerda ham aytaman. Hakamingiz ‘Jim bo‘ling, ofitser!’ deb qichqiradi. Men esam unga: ‘Meni quloq osishga majbur etuvchi qudrating qani? Nima uchun bu zim-ziyo jaholat men uchun hamma narsadan qadrli bo‘lgan narsani majaqladi? Qonunlaringiz menga nimaga kerak? Menga endi begona bular!’ deb baqiraman. O, endi menga baribir!”

“Dostoyevskiy” serialidan lavha

Dostoyevskiyning o‘lim mavzusiga oid asarlari shu bilan cheklanib qolmagan. Bu uning xayolini band etgan asosiy mavzulardan biri edi.

Dostoyevskiy va o‘lim

Tasavvur qiling, siz o‘limga hukm etilgansiz. Oxirgi soniyalaringizda nimani his etishingiz mumkin? Ayni hukm ijro etilish chog‘ida o‘limingiz bekor qilinganini aytishsachi? Unda qanday ahvolga tushasiz? Dostoyevskiy ayni mana shu holatni o‘z boshidan kechirdi. Buning natijasida o‘lim va o‘limdan qo‘rqish uning asarlaridagi yetakchi mavzuga aylandi.

Adib o‘zining “Telba” asarida qatlga hukm etilgan odamlarning o‘ylarini batafsil tasvirlaydi va g‘ayritabiiy bir tarzda o‘limga hukm etilishdan ko‘ra, qaroqchi tomonidan o‘ldirilish yaxshiroq, degan fikrga keladi. O‘limning eng dahshatli qismi jarayonning o‘zida emas, balki uni kutish lahzalarida, deb hisoblaydi adib. Shunday ekan, o‘limga hukm etilgan inson uchun o‘lim emas, kutish azob. Har bir soniya umring tugab borayotganini eslab turish, o‘lim dahshatini yodingdan chiqarolmaslik – azob. Adibga ko‘ra, o‘limdan qo‘rqadigan insoniyat hayotni shunchalar sevadiki, ming yil davomida faqir va nochor yashab, muttasil iztirob chekish yoki halok bo‘lish kabi ikki tanlov turganda, har qanday inson o‘ylab o‘tirmay hayotni tanlaydi. Nahot hech kim ikkinchi tanlovni tanlamasa?

Ixtiyoriy o‘lim to‘g‘risidagi fikrlar uning “Iblislar” asarida tahlil qilinadi. Asar o‘z davrida urchigan g‘oya – nigilizm (hech narsaning ahamiyati yo‘qligi to‘g‘risidagi qarash) ta’siriga tushib qolgan insonlar haqida bo‘lib, nigilistlar uchun o‘lim erkinlikni ifodalashning, isyonning eng yuqori nuqtasi hisoblanadi. Hayot – og‘riq, hayot – qo‘rqinch, odam bolasi – baxtsiz, o‘lim esa nigilist uchun bularning bariga davodek go‘yo. O‘lim bu hayotga, ya’ni yolg‘onga barham berishdir. Xo‘sh, ular qanchalik haq edi?

Nigilizm insonni turli xurofot va yanglish fikrlardan tozalaydi, ammo bu shunday og‘ir yukki, buni ko‘tara olmay qolgan odamzodni ezib qo‘yishi ham mumkin. Qahramonlarimiz o‘z g‘oyalarining, barcha bema’niliklarining chegarasini ko‘ra olmadi, natijada, yengil tarzda boshlangan asar og‘ir tragediya bilan tugadi, g‘oya insonlari tanazzulga yuz tutdi... Bunday og‘ir g‘oyalar insonni undan to‘g‘ri foydalanishi natijasida uni yuksaltirishga sabab bo‘lishi kerak, ammo chegarani ko‘rolmaslik qahramonlarimizni halokat sari yetakladi. Hech qachon hech qaysi tuzum, g‘oya, maslakka butun jisming bilan bog‘lanib qolish to‘g‘ri bo‘lmasligi esa asar miqyosida yana bir bor tasdiqlandi.

O‘lim emas, hayotga yuzlanish chora bo‘lishi mumkin, shunday emasmi?

“Dostoyevskiy” serialidan lavha

Dostoyevskiy va hayot

Hayotni anglash va shunga monand tarzda uni sevish lozim. Bu fikrlar bevosita keltirilmagan bo‘lsa-da, Dostoyevskiy asarlarining barchasi uchun birdek xulosa bo‘la oladi. Xususan, “Kulgili odamning tushi” yoki “Jinoyat va jazo” asarlari uchun. Ikkala asarning o‘zaro o‘xshash tomoni shundaki, ularning ikkalasidayam bosh qahramon o‘zgacha g‘oyalarga ega, jamiyatdan ma’nan va ruhan ayro, maqsadsizlik tufayli turli g‘oya va isyonlarga berilgan insonlar edi. Ikkalasini ham qutqarib qolgan narsa qandaydir bema’ni g‘oyalarga mukkasidan ketish emas, barchasini oddiy qabul qilib, hayotining mazmuniga emas, balki uning o‘ziga muhabbat qo‘yish bo‘ldi.

Dostoyevskiy boshqa yozuvchilardan farqli ravishda g‘oyani o‘quvchi qalbiga olib kiradi. “Kulgili odamning tushi” asarida adib biz uchun eng muhim hisoblangan, biz yerda jannat qura olishimiz uchun yetishmaydigan narsalarni ko‘z o‘ngimizda ko‘zguga tutib namoyon qiladi. Adib ikki xil dunyoni tasvirlab, bir-biriga qarama-qarshi qo‘yadi, bu qarama-qarshilikda siz butunlay haqiqatga guvoh bo‘lasiz. Bu haqiqat ham xuddi muhabbatga o‘xshab insonda ham rohat, ham azob tug‘diradi.

Jonidan to‘ygan bosh qahramon o‘ylari: “Birdan olamning budu-nobudi men uchun baribir ekanini, dunyoni suv bossa, to‘pig‘imga chiqmasligini butun borlig‘im bilan tuydim. So‘ng yonverimda hech nima yo‘qligini his qildim. Dastlab xayolimga: “oldin qancha ko‘p narsa bor edi-ya”, degan fikr keldi. So‘ng oldin ham hech nima bo‘lmagan-u, faqat menga bordek tuyulganini fahmladim. Sekin-sekin men bundan keyin ham hech qachon hech nima bo‘lmasligiga ishonch hosil qildim”.

Xo‘sh, qahramon nima uchun o‘zini o‘ldirmadi, u o‘ylariga yechim topa oldimi? Bu ko‘pchilik intellekt sohiblari hayotida odatda uchrab turadigan holat. Ko‘plab daholar hayotning ma’nosizligi ichra izlanib, unga o‘zlarini qoniqtira oladigan javob topishga urindi. Kamyu absurdni qabul qilish, Sartr asarlar yozish, Tolstoy esa vijdon yo‘rig‘idagi iymonga ko‘ra yashashni o‘z oldiga maqsad qilish orqali absurdni yengishga intildi.

Dostoyevskiychi? Dostoyevskiy o‘z qahramoni timsolida sizga yangi bir ma’no, yashash uchun intilishingizga yangi bir maqsad ko‘rsatadi... Adib so‘z kuchi orqali qalbingizga yorug‘lik olib kiradi va siz faqatgina shu yorug‘likni tarqatish uchungina yashashni xohlay boshlaysiz. Asarni tugatganingizda esa ruhingizda o‘zgarish sezasiz, adib misralar orqali ko‘nglingizga ezgulik urug‘ini shunday joylab qo‘yadiki, siz ham bosh qahramon kabi hammaga yaxshilik sog‘ina boshlaysiz.

Foto: Google Photos

Xuddi bosh qahramon kabi o‘zingizni haqiqatga yetishganday his qilasiz! Boshqalar uchun qanchalik kulgili bo‘lishidan qat’i nazar, oddiy, kamsuqum, birovlarning tuhmat-u g‘iybatlariga e’tibor qilmaydigan, hammani birday sevishga intiladigan, butun tanasi mehr-muhabbatdan yaralgan insonga, hayot haqiqatini biladigan yagona insonga aylanishga harakat qila boshlaysiz. Dostoyevskiy qalbingiz va aqlingiz tutashadigan nuqtaga yetib borishi shubhasiz. Ana shunda Dostoyevskiy haqiqati sizning haqiqatingizga aylanadi.

Dostoyevskiy va haqiqat

Dostoyevskiy inson iztiroblari va muammolarining qay biriga qaramasin, ular tufayli kelib chiqqan savollarning bariga birdek e’tiqod, deb javob qaytarar edi. Jamiyatning eng katta muammosi – jinoyat. Qonunlar kasallangan shoxni kesib tashlash bilan ovora, ya’ni ular tarbiyasi buzilgan insonni chiqitga chiqarish bilan shug‘ullanadi. Tavba esa insonning poklanishi, uning o‘zini qaytadan kashf etishi bilan barobar. Gunoh qilib, bunga chin dilidan tavba qilgan, odamlarga chin muhabbat qo‘ya olgan, e’tiqodini mustahkamlagan odam shunchaki yashab yurgan e’tiqodli insondan ko‘ra o‘n chandon ortiq. Har holda, Dostoyevskiy fikriga ko‘ra shunday. “Aka-uka Karamazovlar” asarida bu mavzuga kengroq yondashiladi. Raskolnikovni ham yorug‘likka olib chiqqan, uni natijasiz o‘ylarga emas, yashashga intilishiga sabab bo‘lgan yo‘l e’tiqod edi.

Raskolnikov endi bo‘lmag‘ur g‘oyalar bilan band bo‘lmay, haqiqiy hayotni yashay boshladi, deb yozgan adib o‘z qahramoniga bu yo‘lni e’tiqod orqali ko‘rsatib beradi. Dostoyevskiy asarlarida inson tabiatiga shubha bilan qaraganlar qanchalik ko‘p va ularning fikrlari qanchalik mazmundor bo‘lmasin, oxir-oqibat ular emas, balki insonning sofligiga ishonib, shunga monand harakat qilganlar, Raskolnikov va Alyoshalar haqiqat yo‘lidan yurganini anglab yetamiz.

Haqiqat nima? Dostoyevskiy haqiqat borasidagi doimiy tasavvurlarimizdan chetga chiqqan holda o‘quvchi ongida haqiqat doim ham to‘g‘ri yoki mantiqli fikr emas, balki qalb orqali tanlangan, yaxshilikka xizmat qiladigan yo‘l, degan fikrni hosil qiladi. Dostoyevskiy insonni o‘z tabiati, ijtimoiy muammolar va har tomonlama qiyinchiliklar oldida ojiz qolganini ko‘rib, insoniyatni faqatgina muhabbat qutqarishiga ishonadi va o‘quvchilarini haq yo‘l – muhabbat yo‘liga undaydi. Dostoyevskiyning barcha asarlari bir hikmatni qayta va qayta takrorlashdan charchamaydi: Bir-biringizni seving!

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.