O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 2020-yilning yanvar—sentabr oylari yakuni bo‘yicha 27,4 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 3,7 milliard AQSh dollariga yoki 12 foizga kamaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston jahonning 160 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi Xitoyda (16,8 foiz), Rossiyada (14,8 foiz), Qozog‘istonda (7,3 foiz), Koreyada (5,8 foiz), Turkiyada (5,2 foiz), Qirg‘izistonda (2,4 foiz) va Germaniyada (2,1 foiz) qayd etilgan.

Tashqi savdo aylanmasi infografikasi ko‘rsatkichlari oylar kesimida tahlil qilinsa, 2019-yilning iyun va iyul oylarida keskin o‘sish kuzatilganini ko‘rish mumkin. Xuddi shu ko‘rsatkichlar 2020-yil uchun tubdan farq qilib, dastlabki ikki oyda o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar qayd etilgan bo‘lsa, mart oyidan boshlab jahon bozoridagi konyunkturaning o‘zgarishi sababli tebranishlar yuz berdi.

Tashqi savdo aylanmasining iyul hamda avgust oylarida keskin o‘sgani oltin eksportining oshgani bilan izohlanadi. 2020-yilda eng katta pasayish may oyida qayd etildi — 2,1 milliard dollar. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan tashqi savdo aylanmasining kamayishi 1,1 milliard dollarni tashkil qildi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabarida aytilishicha, respublikada tashqi savdoni qo‘llab-quvvatlash hamda MDH davlatlari bilan ushbu sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, 2020- yilning yanvar—sentabr oylarida, tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 34,4 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi 2018- yilga nisbatan ulushi 3,8 foizga kamaygan.

Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy kamaygani xabar berilgan edi.