Daryo

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy kamaydi

Bu oyda mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining kamayishiga chet el valyutasi kamayishi sabab bo‘ldi

1 daqiqa o‘qish31 476 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari sentabr oyiga nisbatan 1,2 milliard dollarga kamayib, 1-oktabr holatiga ko‘ra 33,4 milliard dollarni, xalqaro zaxiralari 32,7 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankka tayanib Spot xabar qilmoqda.

Foto: Bloomberg

Mamlakat zaxiralari hali ham juda kam diversifikatsiyalangan, ya’ni deyarli barcha zaxira oltin (18,6 milliard dollar) va chet el valyutasi (14,5 milliard dollar) shaklida saqlanmoqda. Ushbu muammoni AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olish yo‘li bilan hal qilish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy kamaymoqda. Sentabr oyidagi zaxiralarning kamayishiga oltin zaxirasi sabab bo‘lgandi. Yil boshida oltin zaxirasi 10,8 million unsiyaga teng bo‘lgan bo‘lsa, oktabrga kelib bu ko‘rsatkich 9,9 million unsiyani tashkil qilmoqda.

Bu oyda mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining kamayishiga chet el valyutasi kamayishi sabab bo‘ldi. Hozirda zaxirada 14,5 milliard dollar borligi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich sentabr oyida 15,4 milliard dollarni tashkil etgan edi.

Mavzuga doir: O‘zbekiston avgust oyida 31,7 tonna oltin sotgani ma’lum bo‘ldi

Zaxiralar, boshqa narsalar qatori, mamlakatning “xavfsizlik yostig‘i” hisoblanadi. Ular tashqi ta’sirlarga qarshi bufer sifatida zarur hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi zaxiralar 20 oydan ortiq importni moliyalashtirish uchun yetarli. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkichdan ancha ko‘pdir.

Avvalroq O‘zbekiston jahon bozorida oltin narxining oshishidan foyda ko‘rgani, oltin zaxirasi mamlakatga pandemiya vaqtida “jon saqlash”ga imkon berayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga qimmatbaho yombi va tangalarni xorijga cheklovlarsiz olib chiqish huquqi berildi

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar