Anvarjon Hakimov Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Anvarjon Hakimov 1967-yil Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1991-yil Andijon paxtachilik institutini olim-agronom mutaxassisligi bilan tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1991-yilda Chortoq tumani “Oyqiron” shirkat xo‘jaligi bosh pudratchi yordamchisi vazifasida boshlab, bosh agronomlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 2002—2018-yillar davomida Chortoq tumani dehqonchilik sanoati firmasi, tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi, “Oyqiron” shirkat xo‘jaligi, “Oyqiron mirishkorlari” MMTP, tuman o‘simliklarni himoya qilish otryadi, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan.

U 2018-yildan buyon Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Tohirjon Rapiqov Vazirlar Mahkamasi kotibiyat mudiri etib tayinlangandi.