O‘ta yengil vazn toifasida harakat qiluvchi UFC jangchisi Umar Nurmagomedov BAAda shifoxonaga yotqizildi.

Foto: Instagram

Ta’kidlanishicha, sportchida yuqori harorat va ko‘ngil aynishi kuzatilgan. Mazkur ma’lumotni uning amakivachchasi Habib Nurmagomedov tasdiqladi.

“So‘nggi bir necha kun Umar stafilokokk infeksiya sabab yuqori harorat bilan mehmonxonada yotgandi. Bunga qaramay u va butun jamoamiz 24-oktabrdagi jangga qadar tayyor bo‘lishiga ishonayotgandik. Bugun tongda Abu-Dabiga parvoz qilishimizdan avval uning holati og‘irlashdi va Dubayda shifoxonaga olib borildi.

Tuzalib ket, uka. Demak, taqdirga shu bitilgan”, — deydi Habib.

Shu tufayli Umarning UFC 254 musobaqasidagi jangi bekor qilindi. Nurmagomedov “Jangchilar oroli”da kechadigan musobaqada qozog‘istonlik Sergey Morozovga qarshi jang qilishi kerak edi.

Shu tariqa Umar Nurmagomedovning UFC’dagi debyut jangi uchinchi marta bekor bo‘ldi. Avvaliga UFC 249 musobaqasida Hanter Azurga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan jang koronavirus sabab bekor bo‘lgan, Nataniel Vudga qarshi jang esa Abulmanap Nurmagomedovning o‘limi sabab bekor qilingandi.

Avvalroq Habib jamoasidan bo‘lgan Islom Maxachevning ham jangi bekor bo‘lgandi.

Umar Nurmagomedov MMA’da 19 jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. U so‘nggi jangini 2019-yil Toshkentda o‘tgan GFC 20 musobaqasida o‘tkazgan va unda Brayan Gonsalesni mag‘lub etib, chempionlik kamarini himoya qilgandi.