“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.

Pandemiyadan keyin

The Financial Times nashri pandemiyadan so‘nggi davrda jahon iqtisodiyoti ayrim qit’alarda qanday kechishi va tiklanishi borasida maqola e’lon qildi. Xitoyning Uxan shahridan butun dunyoga tarqalgan koronavirus oqibatida dunyoning boy mamlakatlaridan tortib qashshoq mamlakatlari iqtisodiyotigacha, barcha katta talafotlarni ko‘rdi va bu hamon davom etmoqda. Dunyo mamlakatlarining markaziy banklari koronavirusning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida keskin choralar ishlab chiqishga majbur bo‘ldi. Bir qator xalqaro iqtisodiy tahlillar bilan shug‘ullanayotgan institutlar tahlillariga qaramasdan, ayrim mamlakatlarda vaziyat taxminlardagidek yomon ahvolda emasligi quvontiradi.

Foto: Google Photos

Xalqaro valyuta fondi seshanba kuni e’lon qilgan “Jahon iqtisodiyotining istiqbollari” tadqiqotida dunyo iqtisodiyoti bu yil 4,4 foizga qisqarishini taxmin qildi, lekin bu iyun oyida nazarda tutilganidek 5,2 foizga pasayishi taxmin qilingan prognozga qaraganda yaxshi raqam.

Yirik iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatlardan biri Xitoy kasallik yuqishini kamaytirish va mamlakatni xalqaro savdo uchun ochish imkoniga ega bo‘ldi. Xalqaro valyuta fondi taxminlariga ko‘ra, bu yil Xitoyda iqtisodiy o‘sish 1,9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotida esa keskin qisqarish taxmin qilindi. Sababi esa pandemiya davrida AQSh va Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotga xavf solib turgan muammoni bartaraf qilishning uddasidan chiqa olmadi.

Shimoliy Amerika, Yevropa va Xitoy iqtisodiyoti orasida sezilarli farq bor. AQSh moliya vazirligi va Federal zaxira tezkor harakat qilib, moliya va mehnat bozorlarini quvvatlagani sababli Yevropaga nisbatan sezilarli natijaga erisha oldi. Yevropa iqtisodiyoti esa 4,3 foiz, Yevro hudud iqtisodiyoti esa 9,8 foiz qisqarishi aytildi. Buyuk Britaniya iqtisodiyoti esa pandemiya oqibatida 9,8 foiz qisqarishi ta’kidlandi.

Bu kutilmalar XVFning iyun oyidagi kutilmalariga nisbatan ancha past natija. Bu kuchli iqtisodiyotga ega davlatlarning natijalari rivojlanayotgan davlatlarning iqtisodiyotiga solishtirganda ham farqlar katta ekanini sezish mumkin. Xitoy, Janubiy Koreya va sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan farqli ravishda, Hindiston pandemiyadan ancha talafot bilan chiqadigan davlat bo‘lib turibdi. Hindiston iqtisodiyoti yil oxiriga borib 10,3 foiz qisqarishi taxmin qilinmoqda.

Lotin Amerikasiga kelganda, Meksikaning iqtisodiy ahvoli achinarli vaziyatda bo‘lsa, Braziliyadagi vaziyat anchagina iziga tushib oldi. Xitoy importining Braziliyadagi o‘sish ko‘rsatkichlari vaziyatga ijobiy ta’sir qildi deyish mumkin. Neft eksporti va ichki xizmatlarga tayangan mamlakatlarda iqtisodiy vaziyat pandemiya davrida ancha og‘riqli bo‘ldi.

So‘nggi oylarda iqtisodiyotning tiklanishi koronavirusning oldini olish bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Agar vaksinalar kutilayotganidan avvalroq paydo bo‘lsa, keyingi yil o‘sish sur’ati 5,2 foizni tashkil qilgan holda yanada ijobiyroq bo‘lishi taxmin qilindi. Agar pandemiya saqlanib qoladigan bo‘lsa, XVF barcha mamlakatlarga imkon qadar sog‘liqni saqlash tizimiga moliyaviy yordam berish va ijtimoiy keskinlikning oldini olishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishni maslahat berdi. Ayni shu paytda ayrim rivojlanayotgan mamlakatlarning tashqi qarzi bo‘yicha raqamlar xavfli darajaga yetib qolayotgani ham xavotirli.

Foto: Google Photos

Tashqi qarzi qizil chegaraga borib qolgan mamlakatlar oldida qarzdan qutulish eng muhim masala bo‘lsa-da, ularning ko‘rinmas dushman koronavirusga qarshi kurashishlari muhim bo‘lib qolmoqda. Ish haqlarini moliyalashtirishni bosqichma-bosqich qisqartirish va bu siyosat iqtisodiyotning qayta tiklanishi manzarasida amalga oshirish tavsiya qilinmoqda.

Xalqaro valyuta fondi prognozlarida imkoniyati bor mamlakatlar infratuzilma va maorifni rivojlantirishga urg‘u qaratiladi. Sababi koronavirus qachon bartaraf etiladi degan savol hamon ochiq qolmoqda. Xalqaro valyuta fondi ijrochi direktori Kristallina Georgiyevna fikricha, hukumatlar ayni paytdagi koronavirus iqtisodiyotda jiddiy oqibatlarni keltirib chiqardi va bu yanada chigallashishi mumkinligidan ogohlikka chaqirmoqda.

Venesueladagi siyosiy vaziyat

2019-yilning sentabrida BMT inson huquqlari bo‘yicha kengashga Venesueladagi inson huquqlari buzilishlari – sudsiz hukmlar, huquq-tartibot muassasalarida insonlarning bedarak yo‘qolishi, sud mahkamalarisiz qama-qamalar va qiynoqlar va tergov jarayoniga tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqlar, kamsitish hamda shafqatsizlik masalalarini o‘rganish borasida vazifa yukladi, deb yozadi The Project Syndicate nashri. Sentabr oyida mazkur kengash o‘z xulosalarini BMT kengashida e’lon qildi.

Xulosalarga ko‘ra, Venesueladagi tergov mahkama jarayonidagi shaxslarga nisbatan noinsoniy munosabatda muomala qilingani, inson qadr-qimmati va sha’ni toptalgani aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Prezident Nikolas Maduro, shuningdek, ichki ishlar vazirligi va mudofaa vazirligi insonlarning tahqirlanishiga yo‘l qo‘ygani borasida xulosalar berildi. Venesuelada xavfsizlik xizmati va politsiya ham bunday munosabatda javobgar ekani ta’kidlandi. Shu sababdan ham Venesueladagi tergov mahkama jarayoniga tortilgan shaxslarning ishi noqonuniy olib borilgani, ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llangani borasida maxsus surishtiruv o‘tkazilishi kerakligi aytildi.

Avvaldan ma’lumki, Maduroning rejimi bu hisobot natijalarini qoralab chiqdi. Venesueladagi voqealarni qoralab, bu mamlakatdagi siyosiy vaziyatga tanqidiy munosabatda bo‘lib kelmoqda. Inson huquqlari masalasida g‘arb davlatlari Venesuelani tanqid qilib kelayotgan bo‘lsa-da, Maduro rejimi tarafdorlari Venesueladagi siyosiy tartibni dastaklab kelmoqda. Shu sababli, Venesueladagi ayrim rasmiylar nazarida BMTning inson huquqlari oliy komissariati va Venesuela o‘rtasida sun’iy nizolar yaratilayotganiga urg‘u bermoqda.

Foto: Google Photos

Ular nazarida Venesueladagi tartibga qarshi harakat qilayotganlarni tushunish mumkin, chunki ular Maduro rejimining qulashidan manfaatdor. Biroq BMT inson huquqlari komissari tomonidan ko‘tarilgan ayrim ma’lumotlar Venesuelaga xayrixoh bo‘lgan mamlakat orasida ham turli shubha va gumonlarni yuzaga chiqarmoqda. Venesuela  rasmiylari aniqlangan inson huquqlari buzilishini rad etishi bilan mamlakatda inson huquqlarini buzilayotganiga qarshi holatlarga qarshilik qila olmaydi, huquqi va qadr-qimmati toptalgan shaxslarni himoya qila olmaydi, deb hisoblaydi xalqaro hamjamiyat.

Venesuela rasmiylari nazarida, mamlakat uch xil tanqidga duch kelmoqda: Birinchidan, rasmiy hokimiyat nazarida, mamlakatdagi inson huquqlari borasidagi tanqidlar, avvalo, mamlakatning suverenitetiga daxl qilishni anglatadi, deb hisoblaydi. Shu sababdan ham xalqaro hamjamiyatning tanqidlari rasmiy Karakas uchun e’tibor qilish kerak bo‘lmagan jihatdir.

Ikkinchidan, hisobot metodologiyasi ham muhim ahamiyatga ega. Venesuela rasmiylari inson huquqlari bo‘yicha ekspertlarni yuzakilikda, mamlakat ichkarisidagi vaziyatni tashqaridan turib o‘rganayotganlikda va rasmiy ma’lumotlarga ega bo‘lmasdan xulosa qilganlikda ayblamoqda. Inson huquqlari bo‘yicha komissariat a’zolari rasmiy Karakasga olti marta xat yozgani va har safar javob bo‘lmaganini uqtirmoqda. Komissariat qachon va qaysi paytda xat yuborganini esa aniqlash mumkin.

Shunday ekan, Venesuela rasmiylarining inson huquqlari bo‘yicha komissariat iddaolarini soxta deb hisoblashi aqlga sig‘maydigan ish.  BMT inson huquqlari bo‘yicha komissariati mamlakatdagi inson huquqlarini o‘rganish borasida eng zamonaviy metodologiyalardan foydalangan va shu asosda xulosa chiqargan edi. Komissariat mamlakatdagi inson huquqlari masalasini o‘rganar ekan, avvalo, mahkamalarning va tergov jarayoniga tortilgan shaxslarning yaqinlari bilan suhbatlashgan holda o‘z xulosasini bergani oydinlashdi.

Uchinchidan, aksar hollarda rasmiylar mamlakatdagi qonunbuzarlik doirasida tergov ishlari olib borilayotgani borasida iddao qildi. Rasmiy hukumat iddao qilgan ma’lumotlar tekshiruvlar natijasida soxta ekani yoki teatrlashtirilgan sahna ekani vaqt o‘tib yuzaga chiqib qoladi, deb yozadi The Project Syndicate nashri. Biroq rasmiy Karakasning barcha aybdorlar tergov mahkamasiga tortildi yoki jazolandi, deb bergan hisobotlari doim ham o‘z isbotini topmaydi. Misol uchun, rasmiy Karakas 600 ming kishining sodir etgan huquqbuzarligi tergov jarayonida deb bergan xulosalari amalda ish bermaydi, chunki Maduro rejimi xalqaro inson huquqlari ekspertlariga mamlakatga vaziyatni o‘rganish uchun kirishiga ruxsat bermasdan kelmoqda.

Foto: Google Photos

Bu esa xalqaro inson huquqlari komissariati vakillarida Venesuelada inson huquqlari borasida xavotirlar uyg‘otmoqda. Venesuela prokuraturasi, ichki ishlar vazirligi va sudlari jiddiy tarzda siyosiylashdi. Ayrim siyosiy guruhlar mamlakatda ta’qib ostiga olingani va ularning hayoti uchun Maduro rejimi xavf tug‘dirayotgani haqida fikrlar bildirib keladi. Bu esa Venesuelada siyosiy vaziyat bilan birgalikda inson huquqlari borasida ancha muammolar borligidan darak.

Karakas mahbuslarning qiynoqqa solinishi borasidagi ayblovlarni rad qilib kelar ekan, hukumat tizimli jinoyatning ildizlarini berkitishga urinayotganidan ham darak. BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissariati xulosalari esa mamlakatdagi inson huquqlarining poymol etilishiga qaratilgani e’tiborga molik jihat.

Jahongir Ergashev tayyorladi.