Rossiya aholisining umumiy soni 2020-yil yakunlariga kelib 352,5 ming kishiga kamayadi, deb yozmoqda Meduza “RBK”ga tayanib. Bu haqda 2030-yilgacha milliy rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hukumat loyihasining oktabr oyi versiyasida qayd etilgan.

Foto: Global Look Press

Ushbu hujjatdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatning umumiy aholisi 2019-yilda qaraganda 11 baravarga qisqaradi. O‘sha vaqtda aholi soni 32,1 ming kishiga qisqargandi.

Hukumat 2020-yilda aholi kamayishi prognozini ikki baravar oshirdi. Avgust oyida tayyorlangan rejaning avvalgi versiyasida yil oxiriga kelib aholi soni 158 ming kishiga kamayishi, 2022-yilda esa ko‘tarila boshlashi aytilgan edi.

Yangi prognozda 2021-yilda aholi soni 290 mingga, 2022-yilda 238,1 mingga, 2023-yilda 189,1 mingga, 2024-yilda esa 165,3 ming kishiga kamayishi aytilgan. Umumiy hisobda 2020—2024-yillarda aholi soni 1,2 milliondan ortiq kishiga kamayadi. Aholining o‘sishi faqat 2030-yilda boshlanishi prognoz qilinmoqda.

Rossiya statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar—avgust oylarida mamlakat aholisining tabiiy pasayishi 346,9 ming kishini tashkil etdi (2019-yilning shu davrida 219,2 ming kishi bo‘lgan).

Iqtisodiy rivojlanish vazirligi milliy maqsadlarga erishish bo‘yicha yagona reja loyihasini  yakuniga yetkazish davom ettirilayotganligini rasman ma’lum qilgan. “Reja loyihasi hali tahrirlanadi, raqamlarga esa aniqlik kiritiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida. Mehnat vazirligida reja tasdiqlanmaguncha xulosa qilishga hali ertaligi ta’kidlangan.

2020-yil yanvar—avgust oylarida Rossiyada koronavirus pandemiyasi fonida o‘limlar soni yillik hisobda qariyb 6 foizga oshgan. Sakkiz oy ichida 2019-yilning yanvar—avgust oylariga qaraganda 71 748 nafardan ortiq kishi vafot etgan.

“Rosstat” ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada aprel—avgust oylarida, COVID-19 bilan kasallangan 45663 kishi vafot etgan. Ushbu statistikada koronavirus o‘limning asosiy sababi bo‘lgan holatlar ham, COVID-19 tashxisi endi qo‘yilgan, ammo bemor boshqa sabab bilan vafot etgan holat ham hisobga olingan.

Yanvar—iyul oylarida migratsiya oqimi 65,3 ming kishini tashkil qilgan, 2019-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 153,9 ming kishini tashkil etgan. Yetti oy davomida migratsiya oqimi aholining tabiiy pasayishini 20,6 foizga qoplagan.