Pandemiya sharoitida Rossiya aholisining umumiy soni, dastlabki taxminlarga ko‘ra, 2020-yil yakunlariga kelib 158 ming kishiga kamayadi, deb yozmoqda “RBK” hukumatning milliy rivojlanish maqsadlariga erishish loyihasiga tayanib. Bu so‘nggi 14 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Foto: “Kommersant”

Rossiyada aholi sonining keskin kamayib ketishi 2006-yil yakunlarida qayd etilgandi. O‘shanda mamlakat aholisi 373,9 ming kishiga qisqargan.

Hujjatga ko‘ra, faqat 2022-yilga kelibgina aholi soni yana oshishi kutilmoqda. Hukumat rejasiga ko‘ra, aholi soni o‘sishi bo‘yicha ijobiy dinamikani 2021 va 2022-yillarda mos ravishda 273,1 ming va 287,4 ming kishigacha yetishi kutilayotgan migratsiya oqimi ta’minlab berishi lozim. 2023-yilda esa bu ko‘rsatkich 300 ming kishidan oshadi.

Rossiya davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aholining tabiiy kamayishi 2020-yil birinchi yarmidayoq 265,5 ming kishini tashkil etgan (946,5 nafar o‘limga 681 ming nafar tug‘ilish to‘g‘ri kelgan).

Pandemiya sharoitida 2020-yil yanvar—iyun oylarida o‘lim darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 foizga o‘sgan, tug‘ilish esa 5,4 foizga kamaygan.

Xabarda aytilishicha, Rossiyada qashshoqlik darajasi 2019-yildagi 12,3 foizdan keyin 2020-yilda 13,3 foizgacha oshadi. Rossiya milliy rivojlanish maqsadlaridan biri bu qashshoqlik darajasini ikki baravarga, ya’ni 2030-yilga kelib 6,5 foizgacha qisqartirishdir.