Yevropa Ittifoqi Aleksey Navalniyning zaharlangani sababli Rossiyaning olti nafar mansabdor shaxsiga qarshi sanksiya joriy qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: “Interfaks”

Sanksiyalar ostiga Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Rossiya prezidentining ichki siyosat bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Andrey Yarin, prezident administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov, shuningdek, prezidentning Sibir federal okrugidagi vakolatli vakili Sergey Menyaylo tushgan.

Sanksiyalar Yevropa Ittifoqi hududiga kirishni taqiqlash va ittifoq hududidagi aktivlarni muzlatishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, Rossiyaning Organik kimyo va texnologiyalar davlat ilmiy-tadqiqot institutiga qarshi sanksiyalar joriy qilingan. Mazkur institutning bo‘limlaridan birida Sovet Ittifoqi davrida “Novichok” moddasi yaratilgan, deb hisoblanadi.

Buyuk Britaniya ham Yevropa Ittifoqi kabi Rossiyaga sanksiyalar joriy qilishini bildirgan.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi agar germaniyalik shifokorlar tomonidan Navalniyning tahlillarida aniqlangan “Novichok” Taqiqlangan kimyoviy qurollar tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan bo‘lsa, Navalniyni zaharlagani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar muqarrar ekanligini ma’lum qilgandi. Tashkilot Navalniyning tahlil namunalarida “Novichok” moddasi bo‘lganini 6-oktabr kuni tasdiqlagan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ma’lum qilishicha, Rossiya joriy qilingan sanksiyalar uchun Yevropa Ittifoqiga javob qaytaradi.

Avvalroq Aleksey Navalniy o‘zining zaharlanishida prezident Vladimir Putin shaxsan aloqador, deb hisoblashini ma’lum qilgandi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi esa siyosatchining zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyat sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surgandi.