Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen ofat oqibatida zararlangan yo‘l va ko‘priklarni tiklash va ta’mirlashga jami 390 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratilib, 2020-yilda amalga oshiriladigan ishlarga 227 milliard 700 million so‘m va 2021-yil uchun esa 81 milliard so‘m sarflanishi belgilangan. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatiga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: “Kun.uz”

Ta’kidlanishicha, mazkur obyektlardagi qurilish-ta’mirlash ishlari uchun jami 158 milliard 100 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan:

  • xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining Toshkent—Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha 21 kilometr (yo‘l cheti va atroflarini ta’mirlash) va 17,7 kilometr qismiga 24 ming 520 tonna asfaltobeton yotqizilib, 76 milliard 500 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan;
  • davlat ahamiyatidagi 4R-31, 4R-18a, 4R-33 va 4R-199 avtomobil yo‘llarining 5,3 kilometr qismida ta’mirlash va tiklash ishlari bajarilib, 4 ming 114 tonna asfaltobeton yotqizilgan va 17 milliard 400 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan;
  • mahalliy ahamiyatdagi 4K-665 avtomobil yo‘lining 3 kilometri qismida tiklash va ta’mirlash ishlari bajarilib, 718 tonna asfaltobeton yotqizish ishlariga 1 milliard 900 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan;
  • ichki xo‘jalik yo‘llaridan 100,4 kilometrdan 94 kilometr qismida (40,2 km asfaltobeton, 20,1 km sementbeton va 33,7 km qum-shag‘al aralashmasi yotqizish) qurilish ishlari yakunlanib, 42 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.

Foto: “Kun.uz”

Foto: “Kun.uz”

Foto: “Kun.uz”

Shuningdek, 14 ta ko‘prikning 10 tasida 20,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan xalqaro ahamiyatdagi M-39 va A-373 yo‘llaridagi 6 ta ko‘prikda 95 foiz, davlat ahamiyatidagi 4R-199 va 4R-31 avtomobil yo‘llaridagi 7 ta ko‘prikda 85 foiz, mahalliy ahamiyatdagi 4K-665 yo‘ldagi 1 ta ko‘prikning 55 foiz qismida ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilgan.

Qishloq xo‘jaligi yerlariga yetkazilgan talafotni bartaraf etish yo‘nalishida ham ishlar davom etmoqda.

Toshqin oqibatida 3 ta tumandagi 19 ming 356 gektar yer maydonlari turli darajada zarar ko‘rgan (Sardoba — 5359 gektar, Mirzaobod – 5274 gektar, Oqoltin 8723 gektar), jumladan, 7623 gektar chigit ekilgan maydon (3621 gektari qayta ekilgan).

Ko‘rilgan zararni qoplash maqsadida viloyatning boshqa hududlarida jami 8424 gektar maydonga chigit, 447 gektar maydonga poliz va dukkakli ekinlar ekilgan.

Avvalroq Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva Sardoba halokatidan jabr ko‘rgan Oqoltin tumani “Beshyuz” qishlog‘i aholisi chaylalarda yashayotgani tasvirlangan suratlar bilan bo‘lishgan edi. Tuman hokimligi esa mazkur holatga rasmiy munosabat bildirib, ular e’tibordan chetda qolmaganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘onining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan, hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan, shuningdek, 6 nafar fuqaroning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani aniqlangan.

Iyul oxirlarida Bosh prokuratura “Sardoba ishi” doirasida to‘qqiz kishi qamoqqa olinganini ma’lum qilgan edi. 6-oktabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov “Sardoba ishi” bo‘yicha 17 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan.