Rossiya hududidan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun 483/484-sonli poyezdning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Poyezdlar Volgograd viloyatidagi “Voljskiy” stansiyasidan 15, 18, 22, 25, 28-oktabr kunlari, shuningdek, 1 va 2-noyabr kunlari soat 21:57 da yo‘lga chiqadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

Yo‘lovchilar poyezd chiptalarni Rossiya hududida faoliyat yuritadigan har qanday temiryo‘l kassalaridan sotib olishi mumkin. Chiptalarni sotib olishda O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi shart.

Bundan tashqari, “Rossiya temir yo‘llari” kompaniyasining rasmiy veb-sahifasida, shuningdek, “Rossiya temir yo‘llari yo‘lovchilar uchun” mobil ilovasidan foydalangan holda chiptalarni rasmiylashtirish mumkin.

O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasining ma’lumotiga ko‘ra, 20 ta vagondan iborat har bir poyezd tarkibi 938 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Poyezdlar Rossiya hududi bo‘ylab qo‘shimcha to‘xtovlarsiz harakat qiladi.

Bosh konsulxona COVID-19 pandemiyasi sharoitida fuqarolarning bir joyda ommaviy to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qaytish chiptasini olgan vatandoshlardan “Voljskiy” stansiyasiga poyezd jo‘nab ketadigan kuni kelishni so‘ragan.

Avvalroq Volgograddagi 900 dan ko‘proq o‘zbekistonlik poyezdda vatanga jo‘natilgani haqida xabar berilgandi.