Tokiolik fuqaro Sega kompaniyasiga tegishli o‘yin avtomatidan mukofotni chiqarib olish uchun 200 marotaba urinib ko‘rdi. Yaponiyalik erkak bu ishni uddalay olmagach, politsiyachilarni chaqirgan. Buning ustiga u Twitter’da o‘zining omadsizligi to‘g‘risida shikoyat qoldirgan, deb xabar beradi SoraNews24.

Foto: Twitter

O‘z navbatida politsiyachilar ushbu o‘yin zalida ishlaydigan xodimni yordamga chaqirgan. U esa tashrif buyuruvchi yetarlicha harakat qilmaganini isbotlab berishga qaror qilgan. Biroq xodim 300 marotaba omadsiz urinishidan so‘ng taslim bo‘lgan va mukofotni olish oson bo‘lishi uchun uning joyini o‘zgartirgan. Shundan so‘nggina, u o‘yinchoqni olishga muvaffaq bo‘lgan.

Shikoyatni amalga oshirgan erkak ham buni uddalagan. Biroq 200 marotaba amalga oshirilgan omadsiz urinishlar uchun sarflangan pullar qaytarilganmi yoki yo‘q — bunisi noma’lum. Yaponiyalik erkak nima sababdan o‘yin avtomatidan o‘yinchoqni olishga bunchalik qiziqqani ham ma’lum emas. Biroq ta’kidlanishicha, politsiya o‘yin zali xodimlariga nisbatan hech qanday chora ko‘rmaslikka qaror qilgan.

Sega’ning ma’lum qilishicha, bu kabi muammolar yuzaga kelganda o‘yin zali xodimlariga murojaat qilish mumkin.