Quyosh bilan bog‘liq g‘ayrioddiy mo‘jiza 1917-yil 13-oktabrda Portugaliyadagi Santaren okrugidagi  Fotima nomli shahar yaqinida sodir bo‘ldi. 70 mingga yaqin odamlar Bibi Maryam va’da qilgan mo‘jizani ko‘rish uchun sayxonlikka to‘planadi. Yig‘ilgan odamlar guvohlik berishicha, ular osmonda aylanib yurgan  quyoshni ko‘radi. Quyosh avval ko‘k, keyin sarg‘aygan rangga kiradi va  hajmi kattalashib, yerga yaqinlashib uzoqlashgandek bo‘ladi. Taxminan 10 daqiqa davom etgan mazkur tushunarsiz voqea tarixga Fotima hodisasi deb kirgan.

Foto: Google Photos

Fotima hodisasi zamirida diniy xarakterdagi voqelik bor va shu tufayli nasroniy dindorlari Bibi Maryam va’da qilgan mo‘jizani uning sodiq odamlari buni o‘zlarining e’tiqodlarini tasdiqlash deb bildi. Fan va ilm kishilari esa bu sirli  hodisani ommaviy gallyutsinatsiya yoki xayolparastlik deb rad etdi. Xo‘sh, aslida, voqea qanday bo‘lgan va nimadan boshlangan edi?

Asrlar davomida Portugaliya nasroniylik e’tiqodini yoyish uchun ko‘p harakat qilgani bilan ajralib turardi. Ammo hukumatga o‘n sakkizinchi asrda dinga qarshi g‘oyalar ta’sir ko‘rsatdi va o‘sha paytdan boshlab masonlik mamlakatni xristianlashtirishga kirishdi. Yigirmanchi asrning boshlarida Portugaliyada axloqiy va diniy vaziyat murakkab edi. 1911-yilda cherkov va davlatning ajralishi rasmiy tus oldi.

1910-yildan 1913-yilgacha din uchun dahshatli yillar bo‘ldi: ruhoniylar va yepiskoplar qamoqqa tashlandi yoki surgun qilindi; diniy buyruqlar bostirildi; deyarli barcha seminariyalar yopildi va musodara qilindi; missionerlar sustlashdi. Masonlik nazorat ostida edi. 1910-yildan 1926-yilgacha Portugaliya o‘n oltita inqilobni boshdan kechirdi, hukumat amaldorlari qirq marta almashdi.

Uch cho‘pon bolakayga ko‘ringan Bibi Maryam

1917-yil 13-mayda Portugaliyadagi Fatima qishlog‘i yaqinida uchta kichkina bolakay qishloq chetidagi keng o‘tloqda chorva boqib yurganida ilk bor o‘zidan nur taratib porlab turgan chiroyli xonimni ko‘rdi. Cho‘pon bolalar – Jakinto yetti yoshda, Fransisko uning ukasi to‘qqiz yoshda, ularning amakivachchasi - Lusinta o‘n yoshda edilar. Ajoyib xonim ularga ilohiy xabarni qisqacha mazmuni bo‘lgan tasbehga ibodat qilishni va tavba qilishni taklif qildi. Portugal qishlog‘i odamlari o‘ta dinga e’tiqodi baland va Bibi Maryam Xudo Isoning onasi sifatida e’zozlashgani tufayli ibodatxonalarida uning ramzi sifatida haykallar, rasmlar bor edi.

Porlab turgan xonim o‘zini Bibi Maryam ekanini e’tirof etmagan bo‘lsa-da, bolalar uni darrov ilohiy Xonim ekanini tanidi. Bibi Maryam keyin  ulardan keyingi beshinchi oyning o‘n uchinchi sanasida har kuni shu yerga qaytib kelishni iltimos qildi. Mazkur uchrashuvni sir qolishini iltimos qilsa-da, yosh  Lusinta bu haqida onasiga aytib qo‘yadi. Onasi, tabiiyki, bu gaplarga ishonmaydi va qat’iy rad etadi. Ammo ko‘p o‘tmay bu voqea ovoza bo‘lib juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Bolalar aytishiga qaraganda, Bibi Maryam uchta sirli xabar yetkazib, ularni hech kimga aytmaslikka chaqirgan edi.

Foto: Google Photos

Bolalar Bibi Maryam so‘raganidek har oy o‘sha uchrashuv joyiga kelishga sodiq qoldi. Faqat 1917-yilning 13-avgustdan tashqari, chunki o‘sha paytda shahar meri, masonlar vakili ularni qamoqqa tashladi. U bolalarni xonim ularga bildirgan sirni oshkor qilmasangiz, ularni qaynab turgan qozonga tashlayman, deb qo‘rqitgan edi.

Har bir uchrashuvda Bibi Maryam bolalarga Xudoning qudratini va karomatini ko‘proq ochib berdi. U kelajakdagi baxtsizliklarni hozircha sir tutishi kerakligini va yaqinda yagona tirik qolgan Lusiya tomonidan ochib berilishini bashorat qildi. Bular hozirgi 1914–1918-yillardagi urushdan ham dahshatli urush bilan bog‘liq edi.  U insonlardan dunyoni Maryamning beg‘ubor yuragiga bag‘ishlashni iltimos qildi, chunki faqat u orqali dunyoga Xudoning yordami kelishi mumkinligini bashorat qilgan edi.

Bolalar bilan suhbat qurgan xilma xil soha vakillari ular aytayotgan har bir gap safsata ekanini uqtirar va Bibi Maryamdan ularga ham ko‘rinishi yoki biror mo‘jiza ko‘rsatishini talab qila boshladi.

Bolalar 13-sentabrdagi Bibi Maryam bilan bo‘lgan uchrashuvda unga odamlar mo‘jiza talab qilishayotganini yetkazadi, so‘ng oxirgi uchrashuv, ya’ni 1917-yilning 13-oktabrda, u hamma ko‘rishi mumkin bo‘lgan buyuk mo‘jizani va’da qildi.

Har bir uchrashuvga kichkina bolakaylarga qiziquvchi hamrohlar ko‘payib bora boshlaydi.  Masalan 13-sentabr kuni 25 mingdan 30 minggacha tomoshabinlar kelgan bo‘lsa,  13-oktabrda taxminan 70 ming olomon yig‘ildi.

Va’da qilingan mo‘jizaning sodir bo‘lishi

Butun olomon 1917-yilda uch bolakay bilan birga uchrashuv joy sayxonlikda to‘plandi. Ular agar mo‘jiza sodir bo‘lmasa, bolalarni qattiq tazyiqqa olinishini  va cherkovga nisbatan behurmatlikda ayblanishini aytib ogohlantirishdi.  Bibi Maryam va’da qilgan buyuk mo‘jiza sodir bo‘ladigan o‘sha kuni ertalab yomg‘ir yog‘di. Olomon betoqat bo‘lib, ust boshlari shalobbo bo‘lsa ham negadir hech kim maydonni tark etmaydi.

Foto: Google Photos

Kunning  peshin vaqtida osmondan bulutlar ketib tozalandi. Keyin o‘sha yerdagi uchta cho‘ponga Bibi Maryam ko‘rindi va o‘zini Rozario xonim deb tanishtirdi. U o‘zini mavjudligini, odamlar buni qabul qilib ibodat qilishlarini iltimos qildi. Keyin 70 ming tomoshabin oldida bulutlar orasidan  paydo bo‘lgan quyosh uch marta aylana boshladi. Butun olomon qiy-chuv ko‘tarib “Mo‘jiza! Mo‘jiza!” deb hayqira boshlaydi.  Har bir aylanish uch-to‘rt daqiqa davom etib, daraxtlarni, olomonni, yerni kamalakning barcha ranglari bilan yoritib turardi.

Quyosh avval ko‘k, keyin sarg‘aygan rangga kiradi va  hajmi kattalashib, yerga yaqinlashib, uzoqlashgandek bo‘ldi. Keyin u osmonda spiralsimon aylandi va olomon ichiga tushganday bo‘ldi. Odamlar rahm-shafqat so‘rab yerga yiqildi. Keyin quyosh o‘z joyiga qaytdi. Tomoshabinlar kiyimlarining qurib qolganini payqadi.

70 ming kishi guvoh bo‘lgan ushbu mo‘jiza haqidagi yangiliklar, shu qatorda dinga qarshi bo‘lganlar qatori butun Portugaliyada yashin kabi tarqaldi va ulkan taassurot qoldirdi. Fotima hodisasidan so‘ng, 1918-yilda yepiskoplar surgundan chaqirilib, Lissabonda yig‘ilish o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Harbiy ruhoniylik tiklandi va Muqaddas Taxt bilan aloqalar jonlandi. O‘sha paytda mason lojalarida Portugaliya Respublikasi prezidenti o‘ldirilgan edi. Ular antikleriklar ustidan nazoratni tiklashga intildi, ammo ularning harakatlari muvaffaqiyatsiz tugadi.

Uch sir nimadan iborat edi?

Birinchi sir bu jahannam haqidagi tasavvur bo‘lib, bolalarga 1917-yil 13-iyulda oshkor qilingan edi. Bolalarga Bibi Maryam yerosti kabi ko‘rinadigan buyuk olov dengizini ko‘rsatdi. Ushbu olovga g‘arq bo‘lgan jinlar va odam qiyofasidagi shaffof yonib turgan cho‘g‘larda qoraygan yoki yoqilgan tanalar ko‘rindi. Jinlarni qo‘rqinchli va noma’lum hayvonlarga o‘xshar edi, deb qayd qilgan yagona tirik guvoh Lusiya.

Ikkinchi sir esa Birinchi jahon urushidan Ham dahshatliroq urush sodir bo‘lishi to‘g‘risidagi bashorat bo‘lib, bu urushda rus xalqini Bibi Maryam yuragiga bag‘ishlashi kerakligini aytgan edi. Uchinchi bashorat oradan 83 yil o‘tgach 2000-yillarda ochildi va unda nasroniylar ta’qib qilinishi mumkinligi mazmunidagi gap bor edi.

Foto: Google Photos

Fanning munosabati

Mazkur voqea va sirlar juda ko‘p munozaralarga sabab bo‘lgan bo‘lib, hanuzgacha tingani yo‘q. Fotima dalillari bo‘yicha cherkov tergovi 1917-yil noyabrda ochildi. Ammo vaziyat tufayli hukm faqat o‘n uch yil o‘tib, 1930-yil 13-oktabrda chiqarildi. 1926-yilda Lourdesda tekshiruv kengashi tashkil etildi. Ilmiy jihatdan tushuntirib bo‘lmaydigan mingdan ortiq da’vo 1955-yilgacha ro‘yxatga olindi. Osmondagi yuz bergan hodisani olimlar muz kristallari va shunga o‘xshash voqelik bilan bog‘ladi. Sababi, shunga o‘xshash voqealar 1997-yilda Braziliyada, 2009-yilda Kolumbiyada va 2010-yilda Bosniya va Gersegovinada  suratga olingan edi.

Ushbu hodisani Lodz texnologiya universiteti xodimi Artur Virovskiy 2012-yildan beri tekshirmoqda va meteorologik hodisa bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Virovskiyning ishi shuni ko‘rsatadiki, agar kristallar elektr zaryadini olsa, ular tebranishi va quyosh mo‘jizasi kabi effektlarni yaratishi mumkin. “Bizda elektr zaryadlangan bulutdagi dinamik harakatlarning juda yaxshi 3D nazariy modeli mavjud”, deydi u.

Biroq Virovskiy bu hodisani yaxshiroq kuzatish, shuningdek, kristallarning qanday zaryadga tushishi va nega quyosh raqslari faqat dunyoning ayrim qismlarida qayd etilgani haqidagi savollarga javoblar zarurligigini aytdi. Shu  tufayli Fotima hodisasi hozirgacha to‘liq o‘rganilmagan sirli hodisa sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oldi.

2020-yilda mazkur hodisaga bag‘ishlangan kino suratga olindi.

Abdulazizxon Akramov tayyorladi.