Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi o‘tkazadigan o‘rtoqlik uchrashuviga cheklangan miqdorda muxlislar kiritilishiga ruxsat berildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) xabar bermoqda.

Foto: O‘FA

Qayd etilishicha, mazkur uchrashuvni karantin talablariga rioya etgan holda tashkil etish bo‘yicha hukumat doirasida maxsus yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Unda qabul qilingan qarorga ko‘ra, “Paxtakor” stadioni mezbonlik qiladigan O‘zbekiston—Eron o‘rtoqlik uchrashuviga 1000 nafar tomoshabin kiritilishiga ruxsat berilgan.

Shuningdek, “O‘zbekiston” sport majmuasida o‘tadigan futzal bo‘yicha O‘zbekiston—Eron o‘rtoqlik o‘yiniga ham tomoshabinlar kiritilishiga ruxsat berilgan. Mazkur uchrashuvga 200 nafar tomoshabin tashrif buyurishi mumkin.

Har ikkala uchrashuv chiptalari sotilmaydi, ularni taqsimlashda esa Superliga va Pro Liga jamoalarining fan klublari yordamidan foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston—Eron uchrashuvi 8-oktabr kuni soat 18:00 da boshlanadi. Futzal jamoasining o‘yinlari esa 7 va 9-oktabr kunlariga belgilangan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!