Ijtimoiy tamoqlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan to‘ydagi mehmonlardan biri osmonga qarata to‘pponchadan o‘q uzayotgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB mazkur videodagi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB tomonidan mazkur video o‘rganildi, videodagi odamlarning, xususan, o‘q uzgan kishining shaxsi aniqlangan.

O‘q uzgan kishi — Toshkent viloyatida yashovchi, 25 yoshli Ulug‘bek Solihov ekanligi ma’lum bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u qarindoshi bo‘lmish kuyovga to‘y kuni kuyovjo‘ralik qilgan.

19-sentabr kuni kuyov va uning do‘stlari Chilonzor tumaniga, kelinning uyiga borganda, Ulug‘bek keyinchalik “qiziqarli rolik” tayyorlash uchun bozordan sotib olingan o‘yinchoq plastmass to‘pponchani osmonga ko‘targan. Shu lahzalar videooperatorlar tomonidan tasvirga tushirilgan.

4-oktabr kuni kechqurun Ulug‘bekning o‘zi videoni montaj qilib, o‘q uzish tovushlarini qo‘shgan va videoni Instagram’dagi sahifasiga joylagan. Keyinchalik u mazkur videoni internetda tarqatgan.