Maxsus poyezd reyslari orqali Samara va Yekaterinburgdan ikki mingga yaqin o‘zbekistonlik olib kelindi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.

Foto: Transport vazirligi

Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaning Samara viloyatidan, shuningdek, Yekaterinburgdan olib kelish uchun Toshkent–Kinel–Toshkent hamda Toshkent–Yekaterinburg–Toshkent temir yo‘l reysini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan, 2020-yilning 12-sentabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ poyezdi 834 nafar o‘zbekistonlik bilan Kinel stansiyasidan O‘zbekistonga jo‘nagan edi.

Foto: Transport vazirligi

Mazkur poyezd 15-sentabr kuni erta tongda Samarqand shahriga yetib bordi. Ushbu reys orqali olib kelingan barcha fuqarolar avtobuslarda viloyatdagi karantin zonalariga yetkazildi.

Shuningdek, 847 nafar o‘zbekistonlik bilan 12-sentabr kuni Yekaterinburgdan O‘zbekistonga jo‘nagan poyezd ham 15-sentabr erta tongda Toshkent Shimoliy vokzaliga yetib keldi. Ushbu reys orqali olib kelingan barcha fuqarolar avtobuslarda Toshkent viloyatidagi karantin zonalariga yetkazildi.

Foto: Transport vazirligi

Avvalroq Samaradan 922 nafar o‘zbekistonlik poyezdda Samarqandga olib kelingani xabar qilingandi.

Bunga qadar Rossiyaning Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okruglaridan 927 nafar, Samara viloyatidan 918 nafar o‘zbekistonlik poyezd orqali mamlakatga olib kelingan. 9-avgustda Rossiyadan poyezdda olib kelingan 918 nafar o‘zbekistonlik Namangandagi karantin zonasiga joylashtirilgan. Shuningdek, shu kuni boshqa bir poyezd Samaradan Samarqandga o‘zbekistonliklarni olib kelgan.