Samarqand viloyatida Afrosiyob tezyurar poyezdi qarovsiz qoldirilgan 3 bosh chorva hayvonlarini bosib ketdi, deya xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Qayd etilishicha, 6-sentabr kuni soat taxminan 10:17 atrofida Toshkent—Samarqand—Buxoro yo‘nalishida harakatlangan 762-sonli Afrosiyob tezyurar yo‘lovchi poyezdi Kattaqo‘rg‘on—Ziyovuddin bekatlari oralig‘ida temiryo‘l hududiga kirib qolgan 3 bosh mayda shoxli chorva molini urib yuborgan.

Surishtiruv ishlari natijasida ushbu bir bosh qo‘y, bir bosh qo‘zi, bir bosh uloqchani 1996-yilda tug‘ilgan, Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi M.Q. qarovsiz qoldirganligi aniqlandi.

Sodir bo‘lgan ushbu holat boshqa poyezdlar qatnoviga xalaqit bermagan.

Fuqaro M.Q.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113-moddasi 2-qismiga asosan 111 500 so‘m jarima qo‘llanilgan.