Yallig‘lanishga qarshi steroid preparat — gidrokortizon COVID-19’ning og‘ir shakli bilan kasallangan bemorlarda o‘lim holatini kamaytirishi mumkin. “RBK”ning xabar berishicha, London Qirollik kolleji olimlari Intensive Care National Audit&Research Centre tadqiqot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda shunday xulosaga kelgan.

Foto: AP Photo

Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi (JAMA) jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalarida qayd etilishicha, ular 2020-yilning mart oyidan iyunigacha COVID-19 tasdiqlangan va nafas olish yoki yurak-qon tomirlari ishini bir maromda ushlab turishga muhtoj bo‘lgan 403 nafar bemorni kuzatgan.

Kuzatuv davomida gidrokortizonni bir hafta davomida qabul qilish bemorlarda muvaffaqiyatli sog‘ayish imkoniyatini uni qabul qilmaganlarga nisbatan 93 foizga oshirgani aniqlangan.

Ushbu tadqiqot natijalariga izoh bergan Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari buni “ajoyib xushxabar” deb aytgan.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Buyuk Britaniyaning koronavirusga chalingan og‘ir bemorlarni deksametazondan foydalanib davolash borasidagi tadqiqotini “ilmiy yutuq” deb atagandi.