Bundan 20 yil oldin, 2000-yil 12-avgust kuni Barens dengizida Rossiyaning “Kursk” atom suvosti kemasi halokatga uchragan edi. Yangi Rossiyadagi eng yirik fojialardan biri bo‘lgan ushbu voqea bugungi qadar qator sirli sharoitlar bilan bog‘liq sanaladi va uning sirlari o‘rganilishda davom etmoqda. “Daryo” sana munosabati bilan davrning mudhish fojialaridan birining tarixi haqida hikoya qiladi.

Foto: Google Photos

“Kursk” atom kemasining texnik tavsifi

“Kursk” yoki APRK K-141 suvosti kemasining jamoasi 1991-yilning iyun oyida Rossiya shimoliy flotida tashkil qilingan va uning kapitani sifatida 2 rang kapitani Viktor Nikolayevich Rojkov tayinlangan edi.

“Kursk” atom suvosti kemasi sal oldinroq, 1990-yilda Severodvinskdagi “Shimoliy mashina ishlab chiqarish” zavodida qurilgan va 1993-yilning aprel oyida Ikkinchi jahon urushi davridagi Kursk halqasi janglarida matonat ko‘rsatgan sovet jangchilari sharafiga Rossiya dengiz kuchlari floti bosh qo‘mondoni Vladimir Koroyedov tavsiyasiga binoan K-141 atom suvosti kemasiga “Kursk” nomi berilgan va 1994-yildan harbiy maqsadlarda foydalanish uchun topshirilgandi.

1999-yilning avgust—oktabr oylarida mazkur suvosti kemasi Atlantika okeani va O‘rta Yer dengizidagi harbiy mashg‘ulotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etadi. 2020-yilning 25-iyul sanasida Shimoliy dengiz flotining G‘alaba paradida ham ishtirok etdi.

“Kursk” suvosti kemasining umumiy siv sig‘imi 23 900 tonna bo‘lib, kema uzunligi 154 metr, kengligi 1802 metrni tashkil qilardi. Suvosti kemasida issiqlik quvvati 380 Mvt bo‘lgan ikki dona atom reaktori o‘rnatilgan va kemaning suvostida harakatlanish tezligi soatiga 32 uzel – 59 kilometrni tashkil qilardi.

Halokatning ilk kuni

Rossiya harbiy dengiz floti qo‘mondonligi buyrug‘iga binoan “Kursk” atom suvosti kemasi 2000-yilning 12-avgust sanasida “Buyuk Pyotr” va “Admiral Kuznetsov” kreyserlariga qarshi harbiy amaliyotda ishtirok etishi belgilandi. Aynan shu harbiy amaliyotlarni tashkil qilish jarayonida “Kursk” atom suvosti kemasida falokat sodir bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Surishtiruv natijalariga ko‘ra, 12-avgust Moskva vaqti bilan soat 11:28 da “Kursk” kemasining to‘rtinchi torpedo hujumlari uyushtirish bo‘limida 6576-A torpedo bo‘lmasidagi bo‘mba portlab ketadi. Natijada suvosti kemasi 108 metr chuqurlikka cho‘kib keta boshlaydi. Vaziyatning bunday rivojlanishi suvosti kemasida ikkinchi portlashga sabab bo‘ladi va kemaning old qismiga jiddiy zarar yetkazadi. Aynan shu holatda kemaning birinchi va uchinchi bo‘lmalaridagi dengizchilar hayotdan ko‘z yumadi. Ularning tirik qolishlariga imkon ham yo‘q edi. Omon qolganlar suvosti kemasining to‘qqizinchi bo‘lmasida jon saqlashga harakat qiladi.

12-avgust soat 23:30 da rus harbiy dengizchilari qutqaruv-qidiruv amaliyotini boshladi. 13-avgust tongi soat 03:20 da “Buyuk Pyotr” kreyseri exolot yordamida “Kursk” suvosti kemasining cho‘kib ketgan joyini aniqlashga muvaffaq bo‘ladi, biroq qutqaruvchilar kema halokati joyiga faqat soat o‘nlarda kelishga erishgandi.

Keyingi bir necha kun mobaynida rus harbiylari “Kursk” kemasining jamoa a’zolarini qutqarishga harakat qiladi, ammo avariya holatida chiqishga imkon beradigan lyukning shikastlanishi natijasida qutqaruv ishlari muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Rossiya hukumati qutqaruv ishlariga Buyuk Britaniya va Norvegiya harbiy floti bilan muzokaralar olib boradi. Norvegiya qutqaruv ekipaji 20-avgustda ishga kirishganda “Kursk” ekipaji hayotini saqlab qolishga allaqachon kech bo‘lgandi. “Kursk” ekipajining 118 a’zosi allaqachon kislorod yetishmasligidan hayotdan ko‘z yumgandi.

Asosiy voqealar: 13-avgust

Shimoliy flot qo‘mondonligi garchi “Kursk” kemasi bilan aloqa uzilib qolgan bo‘lsa-da, vaziyat barqaror ekani, Barens dengizida 30 dona suvosti kemalari harbiy dengiz mashqlarida qatnashayotgani va ilk marta Ukraina harbiy havo kuchlari ham qatnashayotganini ma’lum qiladi.

14-avgust

Barens dengizida “Kursk” suvosti kemasi halokati haqida ilk xabarlar kela boshlaydi. Suvosti kemasida portlash sodir bo‘lgani aniqlanadi. Rus matbuotida kema boshqa xorij kemasi bilan to‘qnashib ketgani va kema bortida atom quroli yo‘qligi haqida ma’lumotlar tarqala boshlaydi. Rossiya Harbiy dengiz kuchlari qo‘mondoni Vladimir Koroyedov aholini kema ekipaji bilan aloqa tiklangani va lekin ekipajni qutqarib qolishga imkoniyat deyarli yo‘qligi haqida ma’lum qiladi.

Foto: Google Photos

15-avgust

Soat 18:22 da matbuotda “‘Kursk’ Barens dengizi tubida” degan maqola e’lon qilindi. Harbiy dengiz kuchlari suvosti kemasi 100 metrdan chuqurroq joyda ekani haqida ma’lumot bergan bo‘lsa-da, ekipaj a’zolarining taqdiri haqida sukut saqlashadi. “Kursk” kemasining muhandisi kemada yetarli miqdorda kislorod zaxirasi mavjudligi haqida bayonot berdi. Soat 21:26 kemaga kapsula yordamida ulanish orqali 15-20 nafar dengizchini qutqarib qolish amaliyoti muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

16 avgust. Qutqarish imkoniyatlari

Ertalabki soat 09:27 Isroil bosh vaziri Ehud Barak Rossiyaga “Kursk”ni qutqarish bo‘yicha taklif kiritadi, biroq rus hukumati ekipajni qutqarish endi imkonsizligini bildiradi. Britaniya hukumati ham maxsus DEEP Sumergence Rescue Vehicle maxsus qutqaruv apparatini ruslarga yordam sifatida taklif qiladi. Agarda rus hukumati taklifni qabul qilganida, DSRV kema halokati joyida 48 soat ichida qutqaruvga tayyor bo‘lishi mumkin edi. Harbiylar esa “Kursk”ni qutqarib olish borasida hadik bilan chet el tavsiya qilmoqchi bo‘lgan yordam haqida og‘iz ochardi.

Shu vaqtgacha “Kursk” haqida sukut saqlagan Putin oxir oqibat kema ekipaji og‘ir ahvolda qolgani haqida bayonot beradi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Britaniya va Norvegiya dengiz kuchlariga qutqaruv amaliyotida qatnashish huquqini berganda, Britaniya qutqaruv kemasi endigina Norvegiya sohillariga yetib kelgandi.

17-avgust. Halokat sabablari

BBC va xorij matbuoti “Kursk” suvosti kemasidagi halokatga torpedoning yoki suvosti kemasining old qismidagi portlash sababchi bo‘lishi haqida maqola chop etganda, Rossiya mudofaa vaziri Igor Segeyev “kema tashqi jism bilan to‘qnashib ketishi oqibatida kema halokati yuz berdi”, degan cho‘pchak to‘qirdi. Segeyev o‘z mulohazalarini hattoki olingan asossiz video materiallar bilan ham dastalashga urinadi.

18-avgust. Harbiy sirlarini oshkor qilishni istamagan Kreml

Vladimir Putin g‘arblik hamkasblari ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan yordamni qabul qilmaydi. Qudratli Rossiya harbiy texnikada raqiblari NATOga ojizligini ko‘rsatib qo‘ysinmi?! Keyinchalik Putin o‘z aybini NATO va Rossiya harbiy texnikalari farq qilishi, shu boisdan g‘arb texnikasini “Kursk”ni qutqarishga jalb qilish besamar ekanini aytib o‘z yuzini yorug‘ qilgandi. Biroq keyin “agarda o‘zaro hamkorlik natija berganida edi, biz xursand bo‘lardik”, deganlari ko‘pchilikning yodidan chiqqani yo‘q.

Foto: Google Photos

19-avgust. Inqirozli vaziyat

Rossiya Harbiy dengiz kuchlari qo‘mondoni matbuot kotibi Igor Digalo “Kursk” bilan bog‘liq vaziyat o‘ta muvaffaqiyatsiz ekani, garchi britaniyalik qutqaruvchilar yetib kelgan taqdirda ham ekipaj a’zolarini qutqarib qolish imkonsizligi haqida ochiqlaydi.

20-avgust. Rus prezidentining janoza fotihasi

Vladimir Putin Kremlda “Kursk” kemasi konstruktori Igor Spaskiy bilan uchrashadi va hozirda mazkur tipdagi suvosti kemalardan to‘rttasi harakatda ekani haqida ma’lumot oladi. Shunigdek, Putin Rossiya Rus patriarxi cherkovi rahbari bilan ham uchrashib, Barens dengizida qolib ketgan har bir dengizchining hayoti uchun kurashishi haqida fikr bildiradi.

21-avgust. Qutqarish uchun imkoniyatning chippakka chiqishi

Soat 14:20 da “Kursk” suvosti kemasining 9 bo‘lmasi ham suv bilan to‘ladi. Shimoliy flot shtabi qo‘mondoni Mixail Mosak eng fojiali vaziyat sodir bo‘lgani, kemadagi barcha bo‘lmalarni suv bosgani va tiriklar qolmagani haqida so‘z ochadi.

22-avgust. Fojiaviy yakun

Soat 18:00 da prezident Putin Severomorskdagi flot shtabiga “Kursk” suvosti kemasi dengizchilarini so‘nggi manzilga kuzatish uchun tashkil qilingan ramziy tadbirga yetib boradi va dengizchilarning oila a’zolari bilan muloqot qiladi. 23-avgust sanasi esa umumxalq motam kuni deb e’lon qilinadi.

“Kursk” suvosti kemasini qutqarib qolish imkoni bormidi?

118 dengizchi “Kursk” suvosti kemasida halok bo‘ldi. Bugun esa mazkur kemaning a’zolarini qutqarib qolsa bo‘larmidi, degan savollar yuzaga chiqadi. Aksarlar nazarida, agarda rus hukumati xorijlik hamkasblariga o‘z vaqtida yordam so‘rab murojaat qilganida mazkur fojia g‘alaba bilan yakunlanishi mumkin edi, degan taxminlarni suradi. “Kursk”da yaqinlarini yo‘qotganlar ishini Strasburg sudiga olib chiqqan advokat Boris Kuznetsov o‘z memuar kitobida portlashdan omon qolganlar bir necha kun yashashi mumkin edi, deb yozadi.

Foto: Google Photos

Sababi 9-bo‘limda omon qolgan dengizchilar biror-bir kema akustik moslamalar yordamida rus dengizchilarining  bolg‘alari yordamida diqqatni tortishga uringani yordam so‘rayotganidan darak bo‘lgani va ular tinimsiz ikki sutka mobaynida shu bilan omon qolishga uringanlari xorij kema akustik ma’lumotlarida qayd etilgan. Yana bir masalasi.  Boshqalarning fikricha, agarda rus hukumati xorijlik hamkasblarning ko‘magini o‘z vaqtida qabul qilganida “Kursk” ekipajining ayrimlarini qutqarib qolish mumkin edi. Endi bu taqdiri azal.

Jahongir Ergashev tayyorladi.