Turkiya va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida imzolangan tibbiy jihozlarni beg‘araz topshirish bitimi doirasida COVID-19 epidemiyasiga qarshi kurashda ishlatiladigan himoyalovchi tibbiyot materiallaridan iborat yordam 31-iyul kuni Toshkentga yetib keldi, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: O‘zA

Ma’lum qilinishicha, 50 000 dona N-95 niqob, 200 000 jarrohlik niqobi, 40 000 dona kombinezon, 5 000 dona yuzni to‘liq to‘suvchi niqob va COVID-19’ni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalaridan iborat qariyb 12,5 tonna insonparvarlik yordami Qurbon hayitning ilk kuni tongga yaqin yetib kelgan.

Yuklarni qabul qilib olgan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari murakkab vaqtda doimo yordamlarini ayamagan turk xalqiga minnatdorlik bildirgan.

Foto: O‘zA

Avvalroq Turkiya Qurbon hayiti munosabati bilan Sardoba toshqinida jabr ko‘rganlar uchun insonparvarlik yordami yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi.