Toshkentda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida 46 va 58 yoshli ikki nafar bemor vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 46 yoshli bemor S.L. ismli erkakda 20-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya hamda semizlik kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shuningdek, Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 58 yoshli bemor Sh.D. ismli erkakda ham 20-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati ko‘tarilib, nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli yotqizilgan.

Unga ham COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Har ikki bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, 46 yoshli S.L. hamda 58 yoshli Sh.D. koronavirusning 148 va 149-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 157 nafarni tashkil etmoqda.