Bundan 246 yil yil oldin, 1-avgust sanasida britaniyalik Jozef Pristli simob oksidini qizdirish orqali qilgan tajribalaridan so‘ng mohiyatan kislorodni kashf qilgan edi. Bu sana kashfiyot uchun ilmiy jihatdan rasmiy tasdiqlangan hisoblanadi. “Daryo” kislorod borasidagi qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradi.

Oxygen atamasini farang kimyogari Antuan Lavuazye o‘ylab topgan. U kislotalar tarkibida albatta kislorod bo‘ladi deb o‘ylagan va kislotani aynan ushbu element tug‘diradi deb ishongan. Shu jihatdan mazkur atamaning aynan ma’nosi fransuz tilida “kislota tug‘diruvchi” degani bo‘lib, u ham o‘z navbatida yunon tilida “nordon” degan ma’noni beruvchi oxys hamda “tavallud” ma’nosini beruvchi genos so‘zlaridan yasalgan. Keyinchalik bu atamani neologizm tarzida Mixail Lomonosov rus tiliga o‘zlashtirgan va “kislota” hamda “rojdayushchiy” so‘zlarining tegishli bo‘g‘inlaridan so‘z yasab qo‘ya qolgan.

Foto: Google Photos

Ingliz kimyogari Hamfri Devi bu mavzuda alohida chiqish qilib, Lavuazyeni ham, boshqalarni ham qattiq tanqid qilgan edi. Elementga xuddi shu mantiqning o‘zi bilan “ishqor tug‘diruvchi” deb ham nom berish mumkin edi. Va bu adolatdan ham bo‘lur edi. Chunki kislorod kislotalar tarkibida bo‘lmasligi mumkin, lekin u barcha ishqorlar tarkibida albatta mavjud bo‘ladi. Lekin bo‘lar ish bo‘lib bo‘lgan: ushbu nomlar allaqachon kimyo ilmi ildizlariga singib, mana uchinchi asrdirki, hammaning ongida ommalashdi.

Bugun, 1-avgust ushbu nomi yanglish, lekin o‘zi hayot uchun juda muhim bo‘lgan elementning ilmiy jihatdan rasmiy kashf etilgan kuni hisoblanadi. Bundan naq 246 yil muqaddam, ya’ni 1774-yilning 1-avgust sanasida britaniyalik serqirra shaxs Jozef Pristli (1733–1804) simob oksidini qizdirish orqali qilgan tajribalaridan so‘ng mohiyatan kislorodni kashf qilgan edi. Uning kashfiyoti qandaydir mukammal kimyoviy tajribalarga asoslangan bo‘lgan deyish qiyin. Qolaversa, u aslida nafas olish uchun muhim bo‘lgan ushbu elementni kashf etganini avvalboshda o‘zi yaxshi anglamagan ham.

U shunchaki probirkadagi simobli kukunni linza vositasida qizdirgan va qizigan kukundan ajralib chiqayotgan tutun-gaz yaqinida yonayotgan shamning olovi yorqinroq tus olayotganiga e’tibor bergan. O‘sha paytlarda Ernst Shtal ismli kimyogarning ilmiy ishlari tufayli fanda markaziy sahnada bo‘lgan “flogiston nazariyasi” moddalar tarkibida qandaydir “yonuvchanlik muqaddimasi” bo‘ladi, deb ta’kidlar edi. Ya’ni flogiston moddaning yonish xossasi deb qaralgan va yongan (qizigan) narsalar o‘zidagi flogistonni yo‘qotadi deb taxmin qilingan. Hech qanday tayinli ilmiy asosga ega bo‘lmagan ushbu nazariya tarafdorlari orasida qahramonimiz Pristli ham bor edi.

Lekin u o‘zining simob oksidi bilan qilgan tajribalaridan keyin probirkadan chiqayotgan tutun shamni yorqinroq yonishiga sabab bo‘layotganini fahmladi. “Demak, bu tutun-gaz tufayli shamning flogistoni ko‘payib qolmoqdami? deb o‘yladi u. Mulohaza qilib ko‘rib, shamning yonishiga yordam berayotgan narsa aynan shu gaz ekanini anglab yetdi va aslida, hech qanday flogiston degan narsa yo‘q ekanini tushundi. Yuqorida ham aytganimizdek, Pristlining o‘zi o‘sha payt yangi gazni kashf etgani haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmagan. U keyinchalik shunday yozadi: “Men ochiq tan olamanki, tajribalarimning avvalida o‘zim qilgan ishlarning kashfiyot ekanini fahmlash uchun ular borasida biror bir gipoteza haqida o‘ylashdan ham shunchalik yiroq edimki, agar menga bunday farazni boshqa birov aytganida ham men ularga ishonmagan bo‘lardim…”.

Foto: Google Photos

Pristli 1775-yilda o‘zining ushbu gaz bilan olib borgan barcha tajribalarini bayon qiluvchi ilmiy ishini yozib tugatadi va bir nusxasini Parijga, o‘sha zamonning eng ko‘zga ko‘ringan kimyogarlaridan bo‘lgan olim Antuan Lavuazyega yetib borishini ta’minlaydi. Kashfiyot mohiyatini aynan Lavuazye birinchi bo‘lib anglab yetgan va undan flogiston nazariyasini barbod qilish uchun foydalana boshlagan. Shu orqali Pristlining ilmiy nufuzi butun Yevropada keskin ortib ketdi. U Edinburg universiteti faxriy doktori hamda Parij va Peterburg fanlar akademiyalarining xorijiy a’zosi sifatida saylanadi. Shuningdek, olim Qirollik jamiyatining ham to‘laqonli a’zosiga aylanadi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, Pristli o‘zi Yorkshir grafligida, kambag‘al movutfurush oilasida tug‘ilib o‘sgan. Asosan anglikan cherkoviga zid bo‘lgan protestant diniy qarashlari tufayli ko‘pincha ingliz jamiyatida va ayniqsa, cherkov amaldorlari orasida ta’qibda bo‘lgan. Shunga qaramay, u Deventri akademiyasida ilohiyot bo‘yicha mukammal ta’lim ko‘rgan va oz emas, ko‘p emas, naq 9 tilni mukammal biladigan, ziyoli kishi bo‘lib yetishgan. U dastavval cherkovda va’z aytish bilan shug‘ullangan. Lekin keyinchalik tazyiqlar tufayli diniy faoliyatdan chetlanishga majbur bo‘lgan va Uorrington universitetida xorijiy tillar o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshlagan. U aynan shu universitetda fizika, matematika va kimyo fanidan dars beruvchi hamkasblari bilan suhbatlar asnosida, ilm-fanga, ayniqsa, kimyoviy tajribalarga qattiq qiziqib qoladi va o‘zi ham kerakli jihozlarni xarid qilib, qiziqish yuzasidan turli eksperimentlar qilib ko‘ra boshlaydi.

U o‘z davri uchun juda ilg‘or ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan ham ajralib turadigan shaxs bo‘lgan va farang inqilobini yoqlovchi fikrlari bilan tanilgan. U inglizlar va fransuzlar orasida hozirda ham uchrab turadigan va o‘sha paytda avjida bo‘lgan o‘zaro jiddiy raqobat muhitida yashagan, farang jamiyatiga nisbatan ijobiy fikrlarini ochiq e’tirof etgani, ko‘pincha fransuzlarni maqtab gapirgani uchun an’anaviy konservativ ruhdagi ingliz jamiyatida doimo ziddiyatlar ostida bo‘lgan.

Ilg‘or fikrli, ilmli kishi sifatida Pristli o‘zi singari bo‘lgan maslakdoshlari bilan “To‘lin Oy jamiyati” yig‘ilishlarida doimiy fikr almashinib, dolzarb ilmiy masalalarni muhokama qilib borar edi. Bu jamiyat oy to‘lishiga eng yaqin dushanba kunida, har oyda bir marta yig‘ilardi va aynan shu narsa o‘zi ilmdan bexabar, xurofotga va bid’atga beriluvchan kishilar tasavvurida Pristli va uning hamfikrlarini “oyparast”, “yashirin sekta” a’zolari deb o‘ylashga asos bo‘lar edi. Biroq “To‘lin Oy jamiyati” sof ilmiy muhokamalar maydoni bo‘lib, unining a’zolari yoshi, dini va siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar, faqat dolzarb va ilg‘or ilm haqida bahslashishar edi.

Foto: Google Photos

Bu haqda Pristli shunday yozgan: “Bizlarda bir-birimizning siyosiy va diniy qarashlarimiz bilan ishimiz yo‘q. Bizni ilm-fanga bo‘lgan ulkan muhabbat birlashtirib turadi va mening fikrimcha, aynan ilm barcha-barchani – nasroniyni ham, yahudiyni ham, musulmon va majusiyni ham, monarxiya tarafdori va respublikachini ham birlashtirishga kifoyadir”.

Ta’kidlash joizki, Pristlining aynan shu ilg‘or fikrliligi va ayniqsa, cherkov va’zlaridan ko‘ra ilm-fanni ustun bilgani, fransuz inqilobini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashi, o‘sha zamonning ruhoniylari va ularga ko‘r-ko‘rona ergashadigan mutaassib odamlari tomonidan qattiq ta’qibga olingan. Unga qarshi kuchli tazyiqlar qilingan va oxir-oqibat 1791-yilning 14-iyulida Pristli Birmingemdagi hovlisida maslakdosh do‘stlari bilan birga Bastiliyaning ishg‘ol qilinishi sanasini nishonlayotgan paytda, shahar anglikan cherkovi tomonidan uyushtirilgan xuruj tufayli o‘lib ketishiga bir baxya qolgan. Radikal mutaassiblar to‘dasi olimning uyiga bostirib kirib, avvaliga uning barcha laboratoriya jihozlarini va kutubxonasini yo‘q qilgan. Keyin esa uyiga o‘t qo‘yib yuborishgan. Pristli o‘z oilasi bilan arang qochib qutilgan.

Ushbu hodisa Angliyaning o‘zida va Fransiyada katta ijtimoiy aks-sado berdi. Odamlarning ko‘z o‘ngida cherkov obro‘si yanada battar tushib ketishi bilan birga, olimlarga qilingan hujum qattiq qoralanadi. Pristlini qo‘llab-quvvatlash uchun Fransiyada asosan ziyolilar tomonidan maxsus xayriya aksiyasi o‘tkazilib, uning uyini va laboratoriyasini tiklashga yetadigan mablag‘ yig‘ilgan. Unga hatto Fransiya faxriy fuqarosi maqomi ham berilgan va mamlakatdan siyosiy boshpana ham taklif qilingan. Shunga qaramay, olimning jamiyatdagi ildiz otgan bunday xurofotdan qattiq ko‘ngli qolgan bo‘lsa kerakki, u Angliyada ham, notinch Fransiyada ham qolmaslikka qaror qilgan va 1794-yilda Amerikaga butunlay ko‘chib ketgan. U umrining oxirigacha Pensilvaniyada yashab o‘tdi va asosan badiiy adabiyot bilan shug‘ullandi.

O‘rni kelganda ta’kidlab o‘tish joizki, ilm-fanda kislorodni kashf qilinishi borasida hozirgacha tinmagan katta bahs mavjud. To‘g‘ri, ilmiy adabiyotlarda rasman Pristli bu borada birinchi bo‘lgani e’tirof etiladi. Uning simob oksidi bilan qilgan tajribalari tafsiloti 1775-yilda nashrdan chiqqani bunga asos deb hisoblanadi. Lekin shved kimyogari Vilgelm Sheyele ham Pristlidan avvalroq kislorod olishga muvaffaq bo‘lgani haqida tarixiy faktlar bor. Faqat Sheelening ilmiy ishi Pristlinikidan ikki yil kechroq nashr qilingan.

Foto: Google Photos

Boz ustiga, kislorodni havo tarkibidan nafas olish uchun qabul qilinadigan alohida gaz modda ekanini va u havoda atigi taxminan 1/5 ulushda bo‘lishini Sheyele va Pristlidan ham avval gollandiyalik Drebbel ismli shaxs aniqlagan edi. U mohir konstruktor usta va muhandis bo‘lgan. Drebbel tarixda ilk bora suvosti kemasini loyihalagan va sinab ko‘rgan.

Suv osti kemasi suvga sho‘ng‘igach, nafas olish uchun havo zaxirasi kerak bo‘lishini tushungan Drebbel, agar suv osti kemasiga shunchaki oddiy havo g‘amlab olinsa, baribir uning 4/5 qismi nafas olishga yaroqsiz, ya’ni “o‘lik yuk” bo‘lishini hisob-kitoblari orqali aniqlaydi va yaxshisi, foydali yuk miqdorini oshirish uchun faqat nafas olishga yaraydigan havo (kislorodni) g‘amlash kerakligini ko‘rsatib beradi. Faqat Drebbel olim emas, muhandis bo‘lgani sababli, bu borada chuqur tadqiqotlarga kirishmagan va muhim kimyoviy elementni aniqlaganini o‘zi fahmlamagan ham. Drebbelning o‘sha suvosti kemasi 1620-yilda, Pristli va Sheeledan naq 150 yil avval sinab ko‘rilgan edi!

Muzaffar Qosimov tayyorladi.