O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida statsionar sharoitda davolanayotgani haqida xabar berilgandi.
O‘zAning ma’lum qilishicha, hukumatning 30-iyuldagi qaroriga ko‘ra, bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayevga bir vaqtning o‘zida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish yuklandi.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyul kuni Prezident raisligidagi yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurashni samarali tashkil qilmagani uchun Alisher Shodmonovga hayfsan berilgandi. 18-iyul kuni SSV matbuot xizmati Alisher Shodmonov koronavirus bemorlarini davolashda yangi taktika ishlab chiqish uchun Qoraqalpog‘istonga borgani haqida xabar berdi. Shodmonov u yerga nafaqat yangi taktika ishlab chiqish uchun, balki koronavirusga chalingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning ahvolini xorijlik mutaxassislar bilan videokonferensiya orqali muhokama qilish uchun ham borgani ma’lum bo‘lgandi.