“Real” sobiq darvozaboni Iker Kasilyas Madrid klubiga qaytadi.

Foto: Getty Images

39 yoshli ispaniyalik “qaymoqranglilar” prezidenti Florentino Peresga maslahatchi bo‘ladi, deya xabar qilmoqda Marca.

Kasilyas “Real” tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 1999—2015-yillar mobaynida asosiy jamoa sharafini himoya qilgan. So‘nggi besh yilni Iker “Portu”da o‘tkazdi.

2019-yilning may oyida Kasilyas “Portu” mashg‘ulotlari vaqtida yurak xurujini boshdan kechirdi. Shundan keyin u rasmiy o‘yinlarda ishtirok etmadi va qishda futbolchilik faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, “Qirollik klubi”ning ayni damdagi bosh murabbiyi Zinedin Zidan ham futbolchilik faoliyatini yakunlagandan keyin “Real”da prezident maslahatchisi lavozimida ish boshlagan. Keyinchalik sport direktori, ikkinchi jamoa ustozi va bosh murabbiy yordamchisi lavozimlarida ishlagan Zizu 2016-yilning yanvarida jamoa bosh murabbiyiga aylangandi.

“Real” 2019/20-yilgi mavsumda Ispaniya La Ligasi g‘olibiga aylandi. Madridliklar musobaqa tugashiga bir tur qolganida eng yaqin ta’qibchisi “Barselona”ni 7 ochko ortda qoldirib, 34-marta chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!