Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva hamda guvohnomasi bekor qilingan “Silver fiber agro kooperatsiyasi” MChJ mas’ullarining apellatsiya shikoyati va Qarshi tuman prokuraturasi protesti asosida Qarshi tuman Ma’muriy sudining 2020-yil 8-iyundagi qarorini ko‘rib chiqishni boshlagan viloyat Ma’muriy sudi ochiq sud majlisida “Daryo” muxbiriga diktofondan foydalanishni taqiqladi.

Foto: “Daryo”

Sudya jurnalistga sud ishida faqatgina fotoapparatdan foylanishga ruxsat berayotganini ta’kidlar ekan, sud jarayonida ovoz yozilishiga Qarshi tuman hokimligi huquqshunosi qarshiligini, shu bois sud majlisida jurnalistning ovoz yozib olishiga ruxsat berolmasligini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“Sud jarayoni tasvirga olinmoqda, kerak bo‘lsa shu videoni olishingiz mumkin. Biroq videoni faqatgina Oliy sud ruxsati bilan beramiz”, — dedi sud hay’ati.

Sudda so‘z olgan Qarshi tuman hokimligi huquqshunosi Yo‘lchi Ravshanov hamda guvohnomasi bekor qilingan “Silver fiber agro kooperatsiyasi” vakili Qarshi tuman Ma’muriy sudi adolatsiz qaror chiqarganini aytib, sud qaroridan noroziligini bayon qildi.

Klaster vakillari — Eshqobil Pardayev hamda Dilmurod Mengliyev esa voqealar rivoji haqida batafsil gapirib, sudning adolatli qaroridan umidvorligini aytdi.

Foto: “Daryo”

Sudda so‘z olgan Sulton tex group xususiy korxonasi huquqshunosi Eshqobil Pardayev guvohnomasi tugatilgan “Silver fiber agro kooperatsiyasi” vakilidan sud qaroridan norozi tomonning kooperatsiya bo‘lish uchun o‘tgan vaqt davomida qanday ish qilgani bilan qiziqdi.

Savolga javob berishni istamagan vakil avvaliga bu tashkilot siri ekanligini aytdi. Ammo sud talabiga ko‘ra javob berar ekan, ular hech qanday kooperatsiya emasligini, MChJ tashkilot ekanligini, ammo tez orada kooperatsiya tuzish niyatida yurganini ma’lum qildi.

Ta’kidlash lozim, dastlabki sud majlisida so‘z olgan kopperatsiya atalmish MChJ ta’sischisi Nurbek Mo‘minov ham tashkiloti oddiy MChJ ekanligini, kooperatsiya bo‘lolmasligini aytgandi.

Foto: “Daryo”

“Xo‘sh, kooperatsiya bo‘lmasangiz, nega unda tumandagi 500 dan ortiq fermerni majburlab, shartnoma tuzdingiz”, — deya berilgan savolga javob bergan “Silver fiber agro kooperatsiyasi” MChJ huquqshunosi Oltiyev bunga tadbirkorlik subyekti sifatida kirishilganini ta’kidladi.

Sud hay’ati ham “Silver fiber agro kooperatsiyasi” MChJ faoliyati bilan qiziqdi.

“Kelgusida paxta xomashyosini sotib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni nazarda tutganmiz”, — dedi MChJ huquqshunosi.

Foto: “Daryo”

Sud davomida so‘z olgan klaster ishonchli vakili Dilmurod Mengliyev sudning adolatiga ishonishini, tez orada adolatli qaror qabul qilinishidan umidvorligini qo‘shimcha qildi.

Sud 17-iyul kuni soat 16:00 gacha tanaffus e’lon qildi.