Hujumkor yarim himoyachi Garet Beyl Madridning “Real” klubini tark etishi mumkin, deya xabar qilmoqda ABC.

Foto: Twitter

Xabarga ko‘ra, madridliklar 30 yoshli futbolchining keyingi ikki yildagi maoshini to‘lab bergan holda, u bilan kelishuvni bekor qilmoqchi. Bu holatda Beyl erkin agent maqomini oladi. Tomonlar o‘rtasidagi amaldagi shartnoma 2022-yilning yoziga qadar amal qiladi.

Beyl va “Real” ustozi Zinedin Zidan o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib bormoqda. Avvalroq o‘yinchi jamoadagi holatidan norozi bo‘layotgani xabar qilingandi.

Garet so‘nggi bor “Real” safida 24-iyun kuni o‘ynagandi. O‘shanda Madrid shahri klubi “Malyorka”ni mag‘lub etgan (2:0). Shundan keyin u ketma-ket beshta o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi.

Beyl joriy mavsum La Ligada 16 o‘yin o‘tkazib, ikkitadan gol va golli uzatmaga muallif bo‘ldi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!