Qozog‘istonda qat’iy karantin chekovlari uzaytiriladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Twitter’da ma’lum qildi, deb yozmoqda Tengrinews.

Foto: Tengrinews

Prezidentning ma’lum qilishicha, karantin iyul oyining oxirigacha uzaytiriladi.

“Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat sababli karantin rejimi yana ikki haftaga uzaytiriladi. Ertaga hukumat komissiyasi qaror qabul qiladi. Karantin unga amal qilish sharti bilan aholi salomatligi uchun kerak”, — deya yozgan To‘qayev o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Bundan tashqari, To‘qayev ehtiyojmand kishilarga iyul oyida 42 500 tangadan (1 048 000 so‘m) to‘lanishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda 5-iyuldan boshlab ikki haftaga qat’iy karantin rejimi joriy qilingan. 13-iyul kuni esa Qozog‘istonda koronavirus qurbonlarini xotirlash kuni deya e’lon qilingandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 59 899 kishi koronavirus bilan kasallangan, 375 kishi kasallik qurboniga aylangan.