Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda vazirlikning hududiy boshqarmalari qoshida 2020-yilning 1-aprelidan 20-mayiga qadar tashkil etilgan Homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish markazlari fuqarolardan pul mablag‘larini qabul qilmagan. Bu haqda 12-iyul kuni AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ta’kidlab o‘tdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Mamatovning ta’kidlashicha, karantin davrida xayriya pul mablag‘larining sarflanishi vazirlik vakolatidagi masala emas.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan pul mablag‘lari qabul qilingani va ushbu mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha ma’lumotlar ochiqlanmaganligi haqidagi fikrlarga nisbatan aytib o‘tishim zarurki, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga pul mablag‘lari qabul qilingani yo‘q.

Markazlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan homiylik asosida taqdim etilgan faqat oziq-ovqat, tibbiy buyumlar va boshqa zarur mahsulotlarni qabul qilib, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda muhtoj oilalarga yetkazib berdi.

Respublika maxsus komissiyasining 14-sonli bayoni tegishli bandlariga asosan, homiy tashkilot va shaxslarning pul ko‘rinishidagi xayriya mablag‘lari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazilishi belgilangan edi.

Homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish markazlari 20-may kuni o‘z faoliyatini tugatishi munosabati bilan qolgan xayriya mahsulotlarini ehtiyojmand oilalarga yetkazib berish mazkur markazlarning mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

Homiy tashkilotlar va fuqarolarning xayriya pul mablag‘lari esa “Mahalla” xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda hududiy bo‘linmalari huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali qabul qilinishi hamda o‘rnatilgan tartibda sarflanishi belgilandi.

“Keng jamoatchilik bilishi kerak bo‘lgan yana bir muhim masala – “Mahalla” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashining 2020-yil 25-maydagi 4-son bayoni bilan tasdiqlangan “Mahalla” xayriya jamoat fondining ustavida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashkiliy-huquqiy shakli jamoat fondi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkiloti sifatida belgilab qo‘yilgan. Ya’ni “Mahalla” xayriya jamoat fondi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimidan alohida faoliyat yurituvchi mustaqil tuzilma”, — deb ta’kidladi vazir.

Rahmat Mamatovning aytishicha, “Mahalla” xayriya jamoat fondi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi faoliyatini Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligidan mustaqil holda olib bormoqda. Jamg‘armaga kelib tushgan xayriya mablag‘larini o‘rnatilgan tartibda sarflanishiga yagona mas’ul tashkilot ham “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisoblanadi.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari 2020-yilning aprel—may oylarida faoliyat yuritdi. Bu vaqt oralig‘ida mahallalarda shakllantirilgan ro‘yxat hamda 1197 qisqa raqami orqali kelib tushgan murojaatlar asosida 9 ming 145 ta MFYlarda istiqomat qiluvchi 413 ming 72 ta ehtiyojmand oilalarga 49 milliard 910 million so‘m miqdorida homiylik xayriyalari yetkazib berildi.