AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon birinchi marta ommaga tibbiy niqob taqqan holda ko‘rinish berdi, deb xabar qiladi CNN.

Foto: Global Look Press

Tramp harbiy harakatlar vaqtida jarohat olgan harbiy xizmatchilar davolanadigan Vashington yaqinida joylashgan Uolter Rid nomidagi gospitalga tashirifi vaqtida niqob taqqan. To‘q ko‘k rangli niqobning chap tomoni pastki qismida prezidentlik muhri tushirilgan.

“O‘ylashimcha, niqob taqish — juda yaxshi. Men hech qachon niqobga qarshi bo‘lmaganman, biroq uni taqishning joyi va o‘z vaqtli borligiga ishonaman”, — deydi Tramp.

Shuningdek, u nima sababdan gospitalga tashirifi vaqtida niqob taqishga qaror qilganiga oydinlik kiritgan. “Fikrimcha, aniq bir vaziyat sabab gospitalga kelganingizda, ayrimlari hozirgina operatsiya stolidan chiqqan ko‘plab askarlar, odamlar bilan muloqotda bo‘lganda niqob taqish o‘rinli”, — deydi Amerika yetakchisi.

Bunga qadar Donald Tramp bir necha bor koronavirus infeksiyasidan himoyalanish uchun niqob taqish niyatida emasligini ma’lum qilgan. Xususan, aprel oyida AQSh prezidenti aholiga niqob taqishni tavsiya qilib, lekin o‘zi bu tavsiyaga amal qilmasligini aytgan edi. O‘shanda Tramp keyinchalik o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkinligini ham ta’kidlab o‘tgandi. May oyida esa Tramp koronavirus pandemiyasi vaqtida hech kimga yaqinlashmayotgani sabab tibbiy niqob taqishga ehtiyoj sezmayotganini bildirgan.