Lozannadagi (Shveysariya) Xalqaro sport arbitraj sudi (CAS) braziliyalik hujumchi Neymarning “Santos”dan “Barselona”ga transferi borasidagi kelishmovchilik yuzasidan qaror chiqardi.

Foto: Twitter

2013-yilning may oyida Neymar 57 million yevro evaziga katalonlar safiga yo‘l olgandi.

“Santos” esa “Barselona” Neymarni xarid qilishda firibgarlik yo‘lini tutganini iddao qilgan va katalon klubidan 61 million 295 ming yevro miqdorida kompensatsiya talab qilgan. Biroq CAS “Santos”ning arznomasini qabul qilmadi.

Sud “Santos” va Neymar o‘rtasidagi shartnoma ikki tomonning roziligi bilan bekor qilingan deb hisobladi. “Barselona” esa Neymar bilan dastlabki kelishuvni imzolab, futbolchining otasi va N&N kompaniyasiga qo‘shimcha pullar to‘lagan vaqtda firibgarlikka qo‘l urmagan deb topildi.

Endilikda “Santos” klubi “Barselona”ning sud xarajatlarini qoplab berishiga to‘g‘ri keldi. Bu miqdor 18,8 ming yervoga baholangan. “Santos” mazkur ishda mag‘lubiyatni tan olgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!