Kanadadagi Bring a trailer auksionida uch g‘ildirakka ega bir o‘rindiqli Peel P50 modeli sotuvga qo‘yildi. 1964-yilda ishlab chiqarilgan model uchun 30 ming dollar so‘ralmoqda. Mashina dunyodagi eng kichkina seriyali avtomobil hisoblanadi, deb xabar beradi “Bringatrailer.com”.

Foto: “Bringatrailer.com”

Sotuvga qo‘yilgan nusxa Britaniyaning Peel Engineering kompaniyasi tomonidan 1962—1965-yillarda yaratilgan shu turdagi 50 ta uch g‘ildirakli avtomobillardan biri hisoblanadi. Modelning uzunligi 1372 millimetrni, eni esa 991 millimetrni tashkil etadi. Bir o‘rindiqli mashinaning og‘irligi 59 kilogrammga teng. 2010-yilda model dunyodagi eng kichkina seriyali avtomobil sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgan.

Auksionga qo‘yilgan Peel P50 modeli 1964-yilda Buyuk Britaniyadagi konveyerdan chiqqan. Shundan so‘ng u Kanadaga kelib qolgan va restavratsiya qilinib, ideal holatga keltirilgan. Avtomobil kuzovi shisha tola yordamida qayta tiklangan, salondagi yagona o‘rindiq oq charm bilan qoplangan.

Foto: “Bringatrailer.com”

Foto: “Bringatrailer.com”

Foto: “Bringatrailer.com”

Mazkur avtomobilga 4,2 ot kuchiga ega 49 kubli mototsikl dvigateli o‘rnatilgan bo‘lib, u uch pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Peel P50’ning maksimal tezligi soatiga 60 kilometrga teng.

Foto: Bringatrailer

Peel P50’ning odometri yo‘qligi sabab 56 yoshli model hozirga qadar qancha yo‘l bosgani noma’lum. Dunyodagi eng kichkina seriyali avtomobil 30 ming dollar evaziga sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, auksion yana 6 kun davom etadi.

Iyun oylarining boshlarida Germaniyada ham Peel P50 sotuvga qo‘yilib, u 150 ming yevroga baholangan edi.