Dunyoda koronavirusga qarshi jami 141 xil vaksina ishlab chiqilmoqda. The Washington Post’ning yozishicha, bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus ma’lum qilgan.

Foto: Getty Images

“Albatta, butunlay himoya kafolati yo‘q, biroq biz bunga umid qilamiz”, — degan u.

Avvalroq butun dunyoda koronavirus infeksiyasiga qarshi 300 ga yaqin vaksina klinik sinovlardan o‘tkazilayotgani, JSST uchta vaksinaning yakuniy bosqich sinovlarida qatnashishiga ruxsat berishni rejalashtirayotgani xabar berilgan edi.

Shuningdek, JSST rahbari Tedros Gebreyesus koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tugallanish arafasida emasligi, aksincha kasallik tezlashayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, COVID-19’ning kelib chiqishini tergov qilish maqsadida Xitoyga o‘z guruhini yuborishini bildirgan. “Biz virus haqida barcha ma’lumotdan, xususan, pandemiya qanday boshlangani to‘g‘risida boxabar bo‘lsak, unga qarshi yaxshiroq kurasha olamiz”, — degandi Gebreyesus.

Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirus qayd etilganlar soni 10 million 700 ming kishidan oshib ketdi. Virus oqibatida 516 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.