Andijonda fuqaroni ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqlarga solinishi bo‘yicha sud ochiq majlisda ko‘rib chiqiladi. Bu haqda 1-iyul kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Aziz Obidov. Oliy sud axborot xizmati rahbari

Foto: “Daryo”

“Holat yuzasidan tergov harakatlari yakunlanib, mazkur jinoyat ishi sudning ish yurituviga kelib tushgan. Sud tomonidan jinoyat protsesual qonunchiligi talablari asosida hamda ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga muvofiq ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi. Shuningdek, ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni o‘tkazilib, sud majlislarida matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Ularga sud jarayonini to‘liq va oshkora yoritishga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi”, — deb ta’kidladi Oliy sud axborot xizmati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 13-iyunda Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab 3 nafar IIB xodimi hibsga olingan, voqea 30-mayda Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kasalxonaga olib kelinishidan boshlangan. Fuqaro 11-iyunda vafot etgan. 14-iyun kuni Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov mazkur voqea sabab ishdan olindi. Keyinroq IIBda besh kishi ishdan olingani va 19 kishi jazolangani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura ayni ish doirasida olib borilayotgan tergov harakatlari davomida 27-iyun kuni jinoyatga aloqador deb topilgan yana ikki kishi — 4-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov hamda mazkur bo‘lim jinoyat-qidiruv guruhining yana bir tezkor vakili ham qamoqqa olinganini ma’lum qilgan.

Xalqaro press-klub sessiyasida Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab uzr so‘radi. Bosh prokuratura IIB xodimlari nima uchun fuqaroni qiynoqqa solganini ma’lum qildi.