Futbol bo‘yicha Italiya A Seriyasi kelasi mavsumiga yo‘llanma olgan bitta jamoa nomi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Twitter/@bncalcio

Filippo Inzagi boshqaruvidagi “Benevento” jamoasi muddatidan avval A Seriya yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari klub B Seriyaning 31 o‘yinida 76 ochko to‘pladi va musobaqa rekordini o‘rnatdi.

Bundan tashqari “Benevento” o‘z tarixida ikkinchi marta Italiya oliy divizioniga yo‘l oldi. Avvalroq jamoa 2016/17-yilgi mavsumda bu ishni uddalagandi.

46 yoshli Filippo Inzagi 2018/19-yilgi mavsumda “Bolonya”ni boshqargan, biroq 21 o‘yinda ikkita g‘alaba qayd etgan mutaxassis 2019-yilning yanvarida iste’foga chiqarilgandi. Uning ukasi Simone Inzagi hozirda “Latsio” ustozi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, “Bunyodkor” yarim himoyachisi Jasur Jaloliddinov dekabr oyida “Benevento” ko‘rigida bo‘lib qaytgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!