O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming dollar olgan litsey o‘qituvchisi qo‘lga tushdi. Bu haqda “Axborot 24” dasturida ma’lum qilindi.

Xabar berilishicha, DXX va prokuratura xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkentdagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi katta o‘qituvchisi o‘zganing ishonchiga kirib, undan 5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

O‘qituvchi mazkur pul evaziga muqaddam ushbu litseyda o‘qigan fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

Avvalroq Toshkent viloyatida 60 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosari qo‘lga olingani, Toshkent viloyatida harbiy qism mayori 3 ming dollar pora bilan ushlangani haqida xabarlar berilgandi.