O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Behzod Muhammadkarimov suhbat davomida AQShga ketib qolish sabablarini ma’lum qildi.

AQShga ketganimning sababi bitta emas. Sabablar majmuasi yig‘ilib qolgandan keyin ketishga to‘g‘ri kelgan. Birinchi sababi moliyaviy masala bo‘lgan. O‘sha vaqtda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistman, teatrda, filmlarda bosh rollarni ijro etaman, dublyajda tinmasdan ishlayman, ammo topadigan pulim oylikdan oylikka yetmas edi.

Akam tijorat bilan shug‘ullanar edi, bu oydan u oyga yetib olish uchun ulardan 50-100 dollar qarz olib yashardim. Yoshim ham o‘ttiz beshdan oshgan, tog‘ni ursam talqon qiladigan yoshdaman, ammo sharoit shunaqa edi. Inflyatsiya darajasi juda yuqori edi. Bu ketishimning birinchi sababi bo‘lgan.

Bundan tashqari o‘sha vaqtda filmlar suratga olinmadi. Aktyor bo‘lib, endi ko‘ksimizga shamol tegadi, degan vaqtimizda, filmlar suratga olinmay qo‘ydi. Bu yoqda bola-chaqa katta bo‘lmoqda, ota bo‘lib ularni ham moddiy jihatdan ta‘minlab qo‘yishim kerak edi.

Bosh qahramonlarni ijro etadigan aktyorlarning barchasida o‘tish davri bo‘ladi. Ya’ni otani o‘ynashga yoshlik qilib qoladi, o‘g‘lini ijro etishga esa yoshi katta bo‘lib qolgan vaqt, arosat davri bo‘ladi. O‘sha davrda menda ham shunday vaziyat edi. O‘sha vaqtda juda ko‘p aktyor va aktrisalar ishsiz qoladi.

Yana o‘zimni Gollivudda ham sinab ko‘rish niyatim ham bo‘lgan. Ammo u yerdagi real ahvolni ko‘rganimdan keyin, u fikrdan kechganman. Tezroq tirikchilik qilib, uyga qaytish niyatida tinmay ishlaganman.

Behzod Muhammadkarimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist  

Ma’lumot uchun, Behzod Muhammadkarimov “Shaytanat”, “Amir Temur”, “O‘tkan kunlar”, “Parizod”, “Oq bino oqshomlari”, “Tangalik bolalar”, “So‘g‘diyona”, “Omonat”, “Buyuk Turon” kabi filmlarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.