Deutsche Welle radiosida Germaniyada vodorod energetikasining rivojlanishi yuzasidan tahlillar va buning energetika bozoriga ta’siriga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. “Daryo” ushbu maqolani tarjima tariqasida taqdim qiladi.

Vodorod iqtisodiyotining rivojlanishi neft va gaz ko‘rinishidagi an’anaviy energiya manbalari yetkazib beruvchilarga zarba beradi. Lekin ularni “yashil texnologiyalarni” joriy qilishga jalb qilish mumkin. Germaniyaning SWP va EWI ilmiy markazlarida bu borada takliflar mavjud.

Foto: M. Skolimovska

Nima sababdan so‘nggi paytlarda Germaniya va Yevropa Ittifoqida vodorod va vodorod iqtisodiyoti haqidagi gap-so‘zlar ko‘paymoqda? Chunki bir tarafdan Yevropada, shuningdek, Osiyoda – Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Xitoyda uzoq yillar olib borilgan tadqiqotlar natijasida H2 ni qo‘llash borasida xilma-xil texnologiyalar yetilib pishmoqda.

Boshqa tarafdan, ushbu texnologiyalarning aksariyati o‘z mohiyatiga ko‘ra ekologik toza bo‘lgani uchun, global iqlim isishiga qarshi kurash muhitida ularga bo‘lgan talab kuchaymoqda. Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij kelishuvlari doirasida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari atmosferaga issiqxona gazi bo‘lmish CO2 ni chiqarishni sezilarli kamaytirish borasida majburiyatlar olgan va bu borada vodorod texnologiyalarining keng joriy qilinishi, qo‘yilgan maqsadlarga eltuvchi magistral yo‘llardan biri sifatida qaralmoqda.

Gaz, ko‘mir va neft o‘rniga “yashil vodorod”

Bu o‘rinda gap faqat vodorod yoqilg‘isida yuradigan yengil mashinalar va yuk avtomobillari haqida ham emas. Yevropada va ayniqsa, Germaniyada birinchi planda masalaning boshqa jihatlari qaralmoqda: Power to gas (P2G) - qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llagan holda, elektroliz usuli bilan suvdan “yashil vodorod” olish texnologiyasi bo‘lib, bunday ekologik toza H2 ni qayta tiklanuvchi energiyadan olingan ortiqcha energiya miqdorini yig‘uvchi akkumulyator sifatida ham qarash mumkin va shuningdek, elektr energiyasi, issiqlik, poyezdlar uchun yonilg‘i hamda sanoat xom ashyosi sifatida qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Metallurgiyada, kimyo korxonalarida, neftni qayta ishlovchi va boshqa sanoat turlarida “yashil vodorod”dan turli jarayonlarda qo‘llaniladigan va qazilma yoqilg‘ini yoqish evaziga olinadigan, masalan, atmosferaga CO2 chiqargan holda tabiiy gazni yoqish orqali olinadigan vodorodni o‘rnini bosishi ko‘zda tutiladi.

2019-yilda Yevropaning turli mamlakatlarida neft, gaz va ko‘mir o‘rniga vodoroddan foydalanishni ko‘zda tutuvchi qator loyihalar amalga oshirildi. Pandemiya sababli vodorod mavzusi bir necha oy mobaynida orqa planga o‘tib qoldi, lekin u qaytmoqda va ko‘rinishidan endi u yanada kuchli qiziqish keltirib chiqarayapti. Buning sabablaridan biri shuki, turli mamlakatlarda va umuman Yevropa Ittifoqida pandemiyaning oqibatlarini tezroq yengib o‘tish maqsadida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik dasturlar tayyorlanmoqda va ajratiladigan mablag‘larni  nisbatan innovatsion va ekologik istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirishga bo‘lgan intilish ko‘zga tashlanmoqda.

Germaniyada Koradia iLint yo‘lovchi vodorod poyezdi 2018-yil sentabr oyidan beri faoliyat ko‘rsatmoqda.

Foto: M. Wittwer

H2 iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish uchun zarur

Shunisi qiziqki, o‘tgan yil yakunida e’lon qilinishi kutilgan Germaniyaning milliy vodorod strategiyasiga oid hujjat ustida ishlashni hukumat may oyi ichida ham hanuz tugallamaganligiga qaramay, mamlakat bozorida ishlovchi FNB Gas magistral gaz quvurlari operatorlari uyushmasi nemis gaz quvurlari sistemasining 2030-yilga borib, vodorodni uzatishga moslashishi rejasini taqdim qildi.

Bir vaqtning o‘zida ikkita nufuzli ilmiy markazlar tomonidan, H2 texnologiyalarini keng ko‘lamda qo‘llashga bag‘ishlangan tadqiqot natijalari ham e’lon qilindi. Bunda Kyoln universiteti qoshidagi iqtisodiyot va energetikani o‘rganish Instituti (Energiewirtschaftliches Institut, EWI) olimlari ko‘proq masalaning texnologik jihatlariga diqqat qaratgan bo‘lsa, Germaniya hukumati va parlamentiga, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha organlariga  konsultatsiyalar beruvchi Berlin ilm-fan va siyosat fondi (SWP) ekspertlari “Nemis vodorod siyosatining xalqaro o‘lchamlari”ni ko‘rib chiqqan.

Har ikkala ilmiy guruh vodorod texnologiyalari xilma-xilligining turli tuman imkoniyatlariga urg‘u bergan. Masalan, Kyoln olimlari “Ishlab chiqarish, tashish, saqlash va qo‘llash borasidagi turli imkoniyatlarga ko‘ra, iqtisodiyotning turli sektorlarini dekarbonizatsiyalash uchun vodorod noyob energiya manbayi hisoblanadi”, – deya ta’kidlagan. Dekarbonizatsiya deganda, qazilma uglevodorod yoqilg‘isidan foydalanishni qisqartirish va hatto ko‘mir, neft va gazdan voz kechishgacha bo‘lgan jarayonlar nazarda tutiladi.

Germaniya hozirda energiya manbalari va xomashyo importiga qaram

Shu bilan birga, EWI hozircha faqat elektroliz va “yashil vodorod” olish masalalariga qarab qolmasdan, aksincha, ayniqsa vodorod iqtisodiyotini rivojlantirishning boshlang‘ich bosqichlarida H2 ishlab chiqaruvchi turli texnologiyalardan foydalanishga chaqirmoqda. Shu jumladan, uni atmosferaga CO2 chiqarmaydigan usul bilan tabiiy gazdan olish masalasini ko‘rib chiqishni tavsiya qilingan.

Nima bo‘lgan taqdirda ham bir jihat borasida EWI va SWP ekspertlari yakdil chiqishgan: vodorod iqtisodiyotini qurish uchun Germaniyaning o‘z resurslari yetmaydi. Germaniya “yashil vodorod” ishlab chiqarishi uchun yoki elektr energiyasini import qilishga majbur bo‘ladi yoki vodorodning o‘zini yo tabiiy gazni va u orqali olingan “yashil bo‘lmagan” vodorodni import qilishiga to‘g‘ri keladi, deyiladi Kyoln hisobotida. Xullas, har qanday holatda ham nemislarning vodorod strategiyasi tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy jihatlarga ega bo‘ladi, deya Berlinlik mualliflar ogohlantirishgan.

Foto: DW

EWI Germaniyaning Yevropadagi qo‘shnilardan katta miqdorda elektr energiyasi sotib ola boshlashini ehtimoli kam deb hisoblashgan, lekin qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida katta potensialga ega bo‘lgan Yevroittifoq mamlakatlaridan “yashil vodorod” import qilish imkoniyatini istiqbolli deb baholagan.

“Vodorodni Germaniyaga mavjud gaz quvurlari orqali uzatish yoki bog‘langan ko‘rinishda yoxud suyultirilgan tarzda kemalar va temiryo‘llar orqali eltish mumkin bo‘lgan bo‘lar edi”, – deyiladi hisobotda. Bundan tashqari, kelajakda uni Jazoir, Marokash singari shimoliy Afrika mamlakatlaridan, yoki, hozirda qayta tiklanuvchi energetikani faol rivojlantirayotgan O‘rta Sharq mamlakatlaridan olish mumkin bo‘lgan bo‘lar edi.

EWI “zangori” va “feruza” vodorod importi tarafdori

EWI ekspertlari, shuningdek, Germaniyaga import qilinadigan tabiiy gazni bug‘li konversiyalash yoki piroliz usuli bilan parchalash yo‘li bilan olinadigan “zangori” yoki “feruza” vodorod ishlab chiqarilishi ehtimoli ham yo‘q emas deb hisoblashgan. Bunda jarayonda hosil bo‘ladigan CO2 ni tutib qolish va saqlash ko‘zda tutiladi. Kyoln olimlarining fikricha esa nisbatan yaxshiroq variant bu – tabiiy gazni bevosita qazib chiqaradigan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tayyor holdagi “zangori” va “feruza” vodorodni import qilinishi bo‘ladi. Lekin bu boradagi ehtimoliy hamkor sifatida nemis ekspertlari Rossiyani qarashayotgani yo‘q. EWI tahlillarida Rossiya biror marta qayd etilmagan.

SWP ekspertlarida boshqacharoq yondashuv. Ularning tadqiqotlaridagi boblardan biri “vodorod geosiyosati” deb nomlangan bo‘lib, unining kirish qismida qayta tiklanadigan energetika va vodorod energetikasiga o‘tish yo‘nalishida “yaqqol yutqizuvchi” deb neft-gaz sanoatini hamda neft va gazga boy mamlakatlarni qayd etib o‘tishgan.

SWP energetik transformatsiyalarga Rossiyani ham jalb etishga chaqiryapti

“Gaz va gazlarni suyultirish borasidagi boy tajribasi bilan bunday mamlakatlar H2 yordamida qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar zanjirini ta’minlovchi muhim a’zo bo‘lgan bo‘lar edi”, – deyiladi ularning tadqiqot hisobotida. Vodorod neft mamlakatlariga yangi daromad manbalarini ochishi mumkin. Bu esa tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati nuqtayi nazaridan muhim bo‘lib, zero, u alohida mamlakatlar yoki mintaqalarning beqarorlashuvining oldini oladi.

“Iqlim o‘zgarishlari nuqtayi nazaridan ham energetik transformatsiyalar jarayoniga Rossiya va Saudiya Arabistonini singari mamlakatlarni jalb qilish maqbul ish bo‘ladi. Bu mamlakatlar iqlimga nisbatan neytral energetik sistemalar istiqbolini berish kerak. Bu esa uch karra dividend olishni anglatadi va bu dividendlar iqlim siyosati, vodorod potensiali va tashqi siyosatdagi yutuqlarda namoyon bo‘ladi”, – deya xulosalarini yakunlashgan SWP ekspertlari.