Myunxenning “Bavariya” klubi hujumchisi Tomas Myuller bir mavsumda amalga oshirilgan samarali to‘p uzatishlar soni bo‘yicha Bundesliga rekordini takrorladi.

Foto: Opta

30 yoshli futbolchi Germaniya chempionatining 30-turidan o‘rin olgan “Bayer”ga qarshi bahsda (4:2) ikkita golga assistentlik qildi va joriy mavsumdagi golli uzatmalari sonini 20 taga yetkazib oldi. Shu tariqa Myuller Kevin de Bryuyne (“Volfsburg”) tomonidan 2014/2015-yilgi mavsumda o‘rnatilgan natijani takrorladi.

Shuningdek, Myuller 2006/07-yilgi mavsumdan buyon top-5 ligalarida bir mavsum davomida 20 ta assist amalga oshira olgan uchinchi futbolchiga aylandi. Tomas va Kevindan avval “Barselona” sobiq yarim himoyachisi Xavi 2008/09-yilgi mavsumda ushbu ko‘rsatkichni qayd etgandi.

Avvalroq Myuller “Bavariya” bilan shartnomasini 2023-yilgacha uzaytirgandi. Ushbu mavsumda uning hisobida 30 ta o‘yin, 7 ta gol va 20 assist bor.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!