O‘zbekistonning Rossiya va Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik musassasalari bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya—Qozog‘iston chegarasi “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi to‘plangan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Foto: Telegram

Ma’lum qilinishicha, mazkur masala O‘zbekistonning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan, Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi operativ shtabi ushbu vaziyat to‘g‘risida ma’lumotni har tomonlama ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasiga yuborgan. Maxsus komissiya qarori to‘g‘risida alohida ma’lumot beriladi.

TIV tomonidan ma’lum qilinishicha, faqat 25-maydan buyon Rossiyaning turli shaharlaridan 8 ta charter reysi tashkillashtirilgan. Hozirgi paytda maxsus komissiya tomonidan Rossiyaning turli hududlaridan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun qo‘shmcha charter reyslarni amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolardan “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yoki boshqa Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmaslikni, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishni va barcha karantin choralariga qat’iy rioya qilishni so‘radi. “Rossiyaning turli hududlaridagi shaharlarga charter reyslar tashkil qilish ustida ishlar davom etadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisining o‘rinbosari Bobur Bekmurodov O‘zbekiston hukumati chegarada qolib ketgan mazkur fuqarolarni olib kelishi kerakligi haqida fikr bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar mazkur chegara punktida 1100 nafar o‘zbekistonlik to‘plangandi va ular avtobuslarda O‘zbekistonga olib kelingandi.