Ulug‘nor tumanida seriya va raqamlari bir xil bo‘lgan 100 ming so‘mlik kupyuralarni Andijon shahridagi “Yangi dehqon bozori” hududida muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Ma’lumotlarga ko‘ra, N.N. ismli fuqaroga tegishli mazkur pullar qalbaki ekanligi shubha qilinib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

O‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, pullar nusxa ko‘chirish yo‘li bilan rangli printerda chop etilganligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, fuqaro N.N. qalbaki pullarni 21-may kuni “Yangi dehqon bozori” AJ hududida notanish bo‘lgan ayoldan o‘zidagi mayda pullarni yirik kupyuraga aylantirgan vaqtida olganligini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.