YouTube’dagi “Garaj 54” kanalining noodatiy avtomobillar yaratish bilan shug‘ullanuvchi novosibrsklik muhandislari “VAZ-2107”ni qadam tashlab yuradigan mashinaga aylantirdi. Ular orqa g‘ildiraklar o‘rniga murakkab metall konstruksiya o‘rnatgan.

Kadr: YouTube

“Jiguli”ga metall “oyoqlar”ni o‘rnatish uchun muhandislar orqa g‘ildiraklarni yechib olgan va podveska (amortizatorlar, prujinalar, stabilizatorlarni o‘z ichiga oluvchi, mashinaning kuzovi va yo‘lni bog‘lovchi bo‘g‘in) kuchaytirilgan. Shundan so‘ng, salon teshilib, mexanizmni qotirish uchun ikkita metall truba o‘tkazilgan. Natijada qayta jihozlangan avtomobil old tomonga ancha egilib qolgan.

Harakatlanish mexanizmi krivoship (to‘g‘ri chiziqli harakatni aylanma harakatga aylantiradigan mexanizm) hisobiga ishlaydi, jarayon davomida aylanish tirsakda tortuvchi kuchni hosil qilib, metall konstruksiya harakatini ishga tushiradi.

Sinov vaqtida modifikatsiyaga uchragan “Jiguli”ning harakatlanish tezligi juda sekin bo‘lgan. Avtomobil asfalt bo‘ylab oldinga va orqaga harakalana olgan, biroq toshli yo‘lda uning yarim o‘qi yuklanishni ko‘tara olmay, darz ketgan.