O‘zbekistonda 21-may soat 23:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3 kishiga ko‘payib, 2967 nafarni tashkil qilmoqda, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
“Bugun yangi qayd etilgan 28 holatdan 7 tasi xalqaro yuk tashishga ixtisoslashgan avtomashina haydovchilarida, 1 tasi xorijdan kelib, karantinga olingan fuqarolar orasida aniqlangan. Eng achinarlisi, Toshkent shahri, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 20 holatda kasallik aholi orasidan aniqlanib, koronavirus infeksiyasiga chalingan 3 nafar fuqaro boshqa fuqarolar bilan yaqin muloqotda bo‘lib, kasallikni jami 17 nafar fuqaroga — oila a’zolari, yaqinlari va hamkasblariga — yuqtirgan. Hozirda ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat’iy karantinga olingan”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq 21-may soat 16:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2964 nafarni tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Ayni damda mamlakatda 547 nafar bemor davolanmoqda.
Shu vaqtga qadar koronavirus infeksiyasiga chalingan 2407 nafar fuqaro butunlay sog‘ayib, davolanishda bo‘lgan bemorlarning 5 nafarini ahvoli og‘ir.
Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat aniqlanganidan beri 13 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etdi.
Izoh (0)